Ilgari miokard infarkti asosan 50-60 yoshdan oshgan kishilarda kuzatilgan bo‘lsa, endilikda 30-40 yoshlilar, hatto 20 yoshdan oshgan yigit-qizlarda ham uchrayapti. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Xurshid Fozilov buning asosiy sabablari, keltirib chiqaruvchi omillar, amal qilish kerak bo‘lgan qoidalar haqida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, miokard infarkti yurak mushagining ma’lum bir qismiga qon yetib bormagani sababli o‘sha to‘qimaning nobud bo‘lishi hisoblanadi. Bunga odatda qon tomirlarda to‘siq paydo bo‘lishi, xolesterin yig‘ilishi yoki tromb shakllanishi sabab bo‘ladi. Bu holat yurak yetkazib beradigan qon oqimini keskin kamaytiradi va xavfli asoratlarga olib kelishi mumkin.
“Yoshlarda infarktning asosiy sabablari haqida gapiradigan bo‘lsak, avvalo, noto‘g‘ri ovqatlanish va semizlik ham sabab bo‘lmoqda. Afsuski, bugun aksariyat yoshlar fast-fud, yog‘li va qovurilgan taomlar, gazli ichimliklar va shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ko‘p iste’mol qilayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Bu esa ortiqcha vaznga, qon bosimi oshishiga va qon tomirlarda ateroskleroz paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda”, deydi mutaxassis.
Bildirilishicha, harakatsizlik (gipodinamiya) ham bu kasallikni chaqirmoqda. Shuningdek, kompyuter, smartfon va boshqa gadjetlar yoshlarni biroz dangasa qilib qo‘ygan. Sport bilan shug‘ullanmaslik, uzoq vaqt bir joyda o‘tirib ishlash yoki o‘qish qon aylanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yana bir faktor sifatida yoshlar orasida bugun doimiy stress bilan muammolar ham yo‘q emas. Doimiy zo‘riqish, asabiylik organizmda adrenalin va kortizol miqdorini oshiradi, bu esa yurakni zo‘riqtirib, infarkt xavfini kuchaytiradi.
Tamaki va alkogol iste’moli ham yoshlarda bu kasallikning erta uyg‘onishiga olib kelayotgan omillardan biri. Negaki, sigaret tarkibidagi nikotin va boshqa zararli moddalar qon tomirlarini toraytiradi. Tabiiyki, bu yurakka qon yetib borishini qiyinlashtiradi. Shuningdek, spirtli ichimliklar ham qon bosimi oshishiga va yurak ritmining buzilishiga sabab bo‘ladi.
Bu kasallikning oldini olish uchun jismoniy faollik, to‘g‘ri ovqatlanish, zararli odatlardan voz kechish talab etiladi.
Yurak arteriyalari torayganda yoki to‘silib qolganda, yurakka yetarlicha qon va kislorod yetib bormaydi. Bu esa og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin.
Bunday holatlarda stent qo‘yish (koronar stentlash) samarali va tezkor davolash usuli hisoblanadi. Bu usulning afzalligi shundaki, an’anaviy jarrohlikka nisbatan kam invaziv ya’ni kam kesmali amaliyotdir. Shu bois bemorning tiklanish jarayoni ancha yengil kechadi.
“Shifokor sifatida shuni aytib o‘tishim kerakki, bu xastalik ayni paytda yosh tanlamayapti. Shuning uchun yoshmi, qarimi yurakda qandaydir muammo paydo bo‘lishi bilan pala-partish va o‘zboshimchalik bilan davo choralarini qo‘llamasdan tezroq mutaxassisga murojaat qilishi kerak. Chunki, kasallikni davolagandan ko‘ra, oldini olgan afzal. Qolaversa, yurak hazillashadigan organ emas”, deydi Xurshid Fozilov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82000 | Инструменты