Oʻzbekistonda nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari hamda sport inshootlarining yagona elektron reestrlarini yuritish tizimi joriy etilmoqda. Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2026-yil 13-oktyabrda qabul qilingan
561-sonli qaror bilan ushbu sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar
tasdiqlandi.
Yangi tartibga koʻra, reestr maxsus axborot tizimi orqali elektron shaklda yuritiladi va undagi maʼlumotlar jamoatchilik uchun ochiq boʻladi. Bu tizim Prezidentning 2025-yil 8-iyuldagi PQ–221-sonli qarori ijrosini taʼminlash hamada nodavlat sport tashkilotlari sportchilariga rasmiy musobaqalarda ishtirok etish huquqini berish maqsadida tashkil etilmoqda.
Tashkilotni reestrga kiritish boʻyicha arizalar besh ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Agar taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar aniqlansa, vakolatli organ uch ish kuni ichida rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Sport tashkilotlari quyidagi holatlarda reestrdan chiqariladi:
- Tashkilotning oʻz ixtiyori bilan qilgan murojaatiga asosan;
- Reestrga kiritilgandan soʻng uch oy ichida sportchilar va trenerlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tizimga kiritilmasa;
- Tashkilat shtatida malakali trener mavjud boʻlmasa;
- Qonunchilikda belgilangan tartibda faoliyat tugatilganda.
Yangi qaror bilan sport inshootlari reestrini yuritish tartibi ham belgilandi. Inshoot mulkdori yoki balansda saqlovchisi axborot tizimi orqali ariza yuboradi va u besh ish kuni ichida koʻrib chiqilib, tizimga oʻzgartirish kiritiladi.
Agar sport inshootining faoliyat turi oʻzgartirilsa, u foydalanishga yaroqsiz deb topilsa yoki mulkdorning oʻzi ariza bersa, obyekt reestrdan oʻchiriladi. Eng muhim jihati — reestrga kiritilmagan sport inshootlarida rasmiy sport musobaqalarini oʻtkazish taqiqlanadi.