Bir martalik qatnovda 6 daqiqa vaqt tejalmoqda. Yo‘lga ketadigan vaqt 23 foizga qisqardi
Beruniy ("Orzu" chorrahasi)dan Katta Darxon ("Palov muzeyi")gacha: KHAYning 10 kilometrlik qismida 21 ta svetofor o‘zaro muvofiqlashtirildi — yo‘lga ketadigan vaqt 23 foizga qisqardi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar qildi.
Avvallari svetoforlarning o‘zaro yetarlicha muvofiqlashtirilmagani sababli avtomobillar ko‘proq to‘xtashga, haydovchilar esa chorrahalarda ortiqcha vaqt kutishga majbur bo‘lardi. Markaz mutaxassislari ushbu yo‘l qismidagi harakat xususiyatlarini batafsil o‘rganib, transport oqimini tahlil qildi va 21 ta svetoforning ishlash rejimini o‘zaro muvofiqlashtirdi.
Nimalar o‘zgardi?
Svetoforlar faoliyati o‘zaro muvofiqlashtirildi. Ularning signallari almashinish ketma-ketligi shunday sozlandiki, transport vositalari chorrahalardan kamroq to‘xtab o‘tishi uchun qulay sharoit yaratildi.
Svetoforlarning ishlash sikllari optimallashtirildi. Signallarning davomiyligi transport oqimi zichligi va har bir chorrahaning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib qayta sozlandi.
Transport oqimining bir maromda harakatlanishi yaxshilandi. Yangi tartib ortiqcha to‘xtashlarni kamaytirish, chorrahalarda kutish vaqtini qisqartirish va avtomobillarning yanada ravon harakatlanishiga xizmat qilmoqda.
10 kilometrlik yo‘l qismida, tirbandlik yuqori bo‘lmagan vaqtda:
Optimallashtirishdan oldin: 26 daqiqa.
Optimallashtirishdan keyin: 20 daqiqa.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101418 | Инструменты