Huawei 1
Toshkent shahrida o‘zaro irqchilikni targ‘ib qiluvchi video ishlagan blogerlar jazolandi

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda ikki haydovchi o‘rtasida tortishuv bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Videoda birinchi haydovchi ikkinchi haydovchiga yo‘lda boshqa mashina harakatlanishiga xalaqit qilgani sabab unga tanbeh berishga uringan. Tortishuv paytida birinchi haydovchi ikkinchi haydovchini haqorat qilgan hamda "Namanganlik ekansan, xarp", - deya unga musht tushirgan.

Toshkent shahar sudi Matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, holat 14 oktyabr kuni Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudida ko‘rib chiqilgan.

Sudda huquqbuzarlarning aytishicha, aslida bu holat kelishilgan holda haydovchilarga ibrat tariqasida olingan.

Z.Umaraliyev hamda A.Xusanjonovlar 2024-yil 28-sentyabr kuni soat 18:00 larda Sirg‘ali tumani “Qumariq” MFY hududidagi yo‘lning cheki qatnov qismida haydovchilar orasidagi muammoni ko‘tarib chiqish maqsadida tasvirga olingan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, bu ikki shaxs jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimasdan bir birlarini haqoratlaganligi sababli, IIO xodimlari tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Sud majlisida ikki erkak ham qilgan ishidan pushaymonligini va bu holat boshqa takrorlanmasligini aytib, uzr so‘rashdi.

"Olti yildan beri blogerlik qilaman. Yaqinda ushbu videoni chiqardim. Ammo, bu video katta eʼtirozlarga sabab bo‘ldi. Aslida esa video g‘oyasidagi maqsad haydovchilar yo‘lda bir-birlarini qismaslik edi. Lekin men o‘zaro irqchilikka yoki qanaqadir muammolarga qarshiman", - deydi huquqbuzarlardan biri.

"Namanganlik ekansan deb aytganman. Namangan xalqidan uzr so‘rayman. Noto‘g‘ri gapirib qo‘yganman", - deydi ikkinchi huquqbuzar.

Sud qarori bilan huquqbuzarlar 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, ularga BHMning 3 baravari — 1 mln 20 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101501 | Инструменты