Huawei 1
"O‘zatom" rahbari: Rossiya bugungi kunda kichik atom energetikasining sinalgan texnologiyasiga ega bo‘lgan yagona davlatdir

O‘zbekiston Atom energiyasi agentligi (“O‘zatom”) direktori Azim Axmedxadjayev Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekiston nima uchun Rossiya bilan hamkorlikda kichik atom elektr stansiyasini qurishga qaror qilgani va nima uchun xalqaro tender o‘tkazilmaganini tushuntirdi.

Axmedxadjayevning so‘zlariga ko‘ra, qurilish to‘g‘risidagi qaror 2018 yildayoq qabul qilingan. O‘shanda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hukumatlararo bitim imzolangan. Keyinroq tomonlar mamlakat atom energetikasini rivojlantirish kichik AES loyihasidan boshlanadi, degan xulosaga kelgan.

«O‘sha paytda Rossiya Federatsiyasi bilan kelishuvlarimiz borligi sababli biz allaqachon erishilgan kelishuvlar va rejalarni amalga oshirishni davom ettirdik. Buning ustiga, maydonchada qidiruv-tekshiruv ishlari bo‘yicha ulkan mehnat sarf etildi. Agar biz hozir boshqa texnologiyani tanlaganimizda, hammasini qaytadan boshlashga to‘g‘ri kelardi», — dedi agentlik rahbari.

Uning taʼkidlashicha, Rossiya bugungi kunda kichik atom energetikasining referent (sinalgan) texnologiyasiga ega bo‘lgan yagona davlatdir. «Ushbu reaktorlar 60 yildan ortiq vaqtdan beri atom flotida ishlatilib kelinmoqda. Hozir ular yer ustida foydalanishga moslashtirilgan», — dedi Axmedxadjayev va boshqa mamlakatlardagi shunga o‘xshash loyihalar hali faqat ishlab chiqilayotganini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekistondagi kichik atom elektr stansiyasining asosini RITM-200N suv-suvli yadro reaktori tashkil etadi. Bu reaktor ilgari atom muzyorar kemalarida qo‘llangan, ammo bunday reaktorlar bilan quruqlikdagi atom elektr stansiyasi hali qurilmagan.

O‘zbekiston bu texnologiya uchun tajriba maydoniga aylanmaydimi, degan savolga agentlik rahbari bunday xavf yo‘q, deb javob berdi.

«Farqi nimada? Siz menga oddiy odam sifatida shunday deng. [Reaktorning] suvda bo‘lishining yerda bo‘lishidan nima farqi bor? Bu stansiyaga joylashtirilgan reaktor bo‘lib, aslida uning elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayoni bir xil — u buni atom flotida ham, quruqlikda ham amalga oshiradi», — dedi u.

«Bu — allaqachon yer ustida amalga oshirishga moslashtirilgan texnologiya. Va shunday his borki, biz go‘yo yangi texnologiyalarni qo‘llash uchun foydalaniladigan qandaydir sinov maydoniga o‘xshaymiz… Bu yangi texnologiya emas. U allaqachon ishlatilgan, shuning uchun uni referent deb atashadi, chunki u allaqachon foydalanish tajribasiga ega», — dedi Axmedxadjayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, farq faqat shundaki, ilgari flotda qo‘llangan reaktorlar quruqlikda ishlashga moslashtirilgan, «ishlash prinsipi esa o‘sha-o‘sha».

Tender o‘tkazish va Qozog‘iston bilan taqqoslash haqidagi savolga javob berar ekan, “O‘zatom” rahbari O‘zbekistonda qonunchilik bunday qarorlar uchun referendum o‘tkazishni talab qilmasligini taʼkidladi.

«Konstitutsiyamizda bunday talab yo‘q. Bundan tashqari, mamlakat prezidenti — aholining ko‘pchiligi mamlakatni boshqarishni ishonib topshirgan shaxs. U bunday qarorlar qabul qilishga haqli deb o‘ylayman. Ayniqsa, barcha qarorlar chuqur tahlildan so‘ng qabul qilinadi», — dedi u.

Axmedxadjayev, shuningdek, jarayon sekin ketayotgani haqidagi fikrga izoh berdi. «Men bu yerda „yetti o‘lchab bir kesishadi“ degan bo‘lardim. Yetti marta ham emas, 70-marta. Hozir, ehtimol, nostandart yoki bevaqt qarorlar qabul qilinayotgandek tuyulishi mumkin — atom stansiyasining nima keragi bor. Ammo ishoning, bunday qarorlar o‘z vaqtida qabul qilingani va kelajakda o‘zining yuqori samaradorligini ko‘rsatishini keyinchalik tarix ko‘rsatadi», — deya xulosa qildi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32607 | Инструменты