Huawei 1
O‘zbekiston arbitraj sudida Turkiya to‘qimachilik kompaniyasidan $700 mln yutib oldi

O‘tgan yilning 10 oktyabr kuni Investitsiyaviy nizolarni hal qilish xalqaro markazi (ICSID) arbitraj tribunali Turkiyaning Bursel Tekstil Sanayi Ve Diş Ticaret A.Ş. kompaniyasi va Turkiya fuqarolari tomonidan O‘zbekistonga qarshi qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha qaror chiqardi. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Daʼvo summasi taxminan 700 million dollarni tashkil etdi.

Arbitraj sudi qaroriga ko‘ra, Bursel kompaniyasining barcha talablari rad etildi, shuningdek, daʼvogarlar O‘zbekiston tomonining arbitraj xarajatlarini qoplashi kerakligi belgilandi.

Qayd etilishicha, jarayon Bursel kompaniyasi tashabbusi bilan 2017 yil iyul oyida boshlangan va qariyb yetti yil davom etgan. Arbitraj qoidalariga muvofiq, sud qarori yakuniy va majburiy hisoblanadi.

Bu ishda O‘zbekiston manfaatlarini respublika Adliya vazirligi va "White & Case" (Vashington, AQSH) xalqaro yuridik firmasi himoya qildi.

Eslatib o‘tamiz, Bursel Tekstil Sanayi Ve Diş Ticaret A.Ş. 2000 yillar boshida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga sarmoya kiritgan Turkiyaning to‘qimachilik kompaniyasi hisoblanadi. Xususan, u OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilgan Toshkentda to‘qimachilik fabrikasini qurish loyihasida ishtirok etgan.

2017 yilda Bursel Tekstil kompaniyasi Turkiyaning ikki fuqarosi bilan birgalikda to‘qimachilik sanoatiga kiritgan sarmoyalari ekspropriatsiya qilinganini daʼvo qilib, Investitsiya nizolarini hal qilish xalqaro markaziga (ICSID) O‘zbekistonga qarshi daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42600 | Инструменты