Huawei 1
O‘zbekiston armiyasi uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish va ularga qarshi kurashishni mashq qilmoqda

24 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining doimiy jangovar shayligi muhokama qilindi. Unda Qurolli Kuchlar qurilishi, uni yanada rivojlantirishning dolzarb muammolari, fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tashi va mamlakat harbiy xavfsizligini ta’minlashga oid boshqa masalalar yuzasidan mudofaa vaziri general mayor Shuhrat Xolmuhamedovning axboroti eshitildi.

Mudofaa vazirining ma’lum qilishicha, armiyaning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirishda asosan zamonaviy qurolli to‘qnashuvlar tahlillari hamda rivojlangan xorijiy armiyalarning ijobiy tajribalari qo‘shinlarga tatbiq etilgan.

«Natijada o‘tgan yilga nisbatan jangovar shaylik tadbirlari 1,5 barobarga ko‘payib, qo‘mondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligini oshirishga erishilgan. Qo‘shinlarda operativ tayyorgarlik tadbirlari hamkorlikdagi kuch tuzilmalarini keng jalb qilgan holda tashkil etildi. AQSh, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston armiyalari bilan hamkorlikda o‘quvlar o‘tkazilgan», – deyiladi axborotda.

Ma’lum qilinishicha, o‘quvlarda asosiy e’tibor zamonaviy janglarda yangi qo‘llanayotgan uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘llashga, ularga qarshi kurashish va boshqaruv mahoratini oshirishga, strategik, operativ va operativ-taktik bo‘g‘inlarda bo‘linmalar tomonidan yangi taktik harakatlar o‘zlashtirilishiga qaratilgan.

Shuningdek, 2024 yilda jangovar mutaxassislik bo‘yicha Ozarboyjon, Qozog‘iston va Turkmanistondan tashrif buyurgan harbiy xizmatchilar o‘qitilgan.

Vazirlikning «Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma’lumotlar bazasi» axborot tizimining «Chaqiruv» tizim osti dasturi barcha mudofaa ishlari boshqarma va bo‘limlariga tatbiq qilinib, elektron ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, IIVning «Manzil», Adliya vazirligi huzuridagi «Xorijga chiqish pasporti», «Yoshlar balansi» hamda «Elektron hukumat» platformalari integratsiya qilinib, harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarga oid ma’lumotlar elektron bazasi yaratilgan.

«Natijada mudofaa ishlari organlarining fuqarolarga harbiy ro‘yxatga kiritish va undan chiqarish faol davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Ularga oid ma’lumotlarni taqdim qilish bilan bog‘liq masalalarda byurokratizm va boshqa to‘siqlarga barham berilgan», — deyiladi xabarda.

Yakunda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining muhokama qilingan masalalar yuzasidan aniq takliflari aks etgan qarori qabul qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122618 | Инструменты