Huawei 1
O‘zbekiston davlatlarning kosmik fazoni tadqiq qilish va foydalanish to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shildi

10 - oktabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti “Kosmik fazo, shu jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish boʼyicha davlatlarning faoliyat tamoyillari to'gʼrisida”gi shartnomaga (London, Moskva va Vashington, 1967 yil 27 yanvar) Oʼzbekiston Respublikasining qoʼshilishi haqidagi qonunni imzoladi.

Bu davlatimiz rahbarining 2022 yil 23 noyabr sanasidagi “Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida” PQ–429-sonli qarori bilan tasdiqlangan “2022–2024-yillarda Oʼzbekiston Respublikasining kosmik tarmogʼini yanada rivojlantirishga qaratilgan “Yoʼl xaritasi”ga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Qayd etish lozim, “Kosmik fazo, shu jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish boʼyicha davlatlarning faoliyat tamoyillari toʼgʼrisida”gi Shartnoma АQSh, Buyuk Britaniya va Sovet Ittifoqi tomonidan 1967 - yil 27 - yanvarda imzolangan va 1967 - yil 10 - oktabrdan kuchga kirgan. Bugungi kunda unga 114 ta davlat qoʼshilgan. Mazkur hujjat kosmik fazoning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi 17 ta moddani oʼz ichiga oladi.

Shartnomaga qoʼshilish Oʼzbekiston uchun bir qator xalqaro kosmik huquqlarni taqdim etadi. Xususan, hech qanday diskriminatsiyasiz kosmik fazo va samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan tinch maqsadlarda foydalanish, ortiqcha toʼsiqlarsiz erkin tarzda ilmiy tadqiqotlar oʼtkazish, bu borada davlatlararo tenglikka ega boʼlish, uchirilgan kosmik obyektlar va ularning ekipajlari ustidan yurisdiktsiya hamda nazoratni saqlab qolish, kosmik sohada faoliyat yurituvchi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini oʼrnatish orqali texnologiyalar transferini jadallashtirish kabi koʼplab normalar shular jumlasidandir.

Bir soʼz bilan aytganda, Oʼzbekistonning “Kosmik fazo, shu jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish boʼyicha davlatlarning faoliyat tamoyillari toʼgʼrisida”gi shartnomaga qoʼshilishi boʼyicha qabul qilingan Qonun, mamlakatimizning kosmik sohadagi huquqiy tizimi xalqaro umumeʼtirof etilgan prinsiplar va normalarga asoslangan holda rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101503 | Инструменты