Huawei 1
O‘zbekiston “Hyundai Rotem” kompaniyasidan 6 ta tez yurar poyezd xarid qilmoqda

O‘zbekiston “Hyundai Rotem” kompaniyasidan 6 ta tez yurar poyezd xarid qilmoqda. Bu haqda kompaniya sotuv bo‘limi vakili Bosung Kim poytaxtimizda tashkil etilgan “Aholi farovonligini oshirish uchun barqaror iqtisodiy o‘sish, investitsiya jalb qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar” mavzusidagi anjumanda ta’kidladi.

Tadbirning “Transport sohasida islohotlar, davlat xususiy sheriklik loyihalari va xalqaro hamkorlikning ahamiyati” mavzusidagi sessiyada Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, “UK Export Finance”, “Export-Import Bank of Korea” kabi xalqaro moliya institutlari vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari qatnashib, ma’ruza qildi.

Xalqaro tashabbuslar haftaligi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston transport va logistika tizimini rivojlantirish uchun xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish, shuningdek chet el jamoatchilik vakillarini yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirishdan iborat.

"O‘tgan yil mobaynida asosiy e’tibor hududlarda yo‘lovchi transport xizmatini yaxshilashga qaratildi. 2024 yilning dastlabki sakkiz oyida butun mamlakat bo‘ylab 4,2 milliarddan ortiq yo‘lovchi tashishga erishildi. O‘sish sur’ati 2023 yil shu davriga nisbatan 106,0 foizni tashkil etdi", – dedi transport vaziri Ilhom Maxkamov.

Qayd etilishicha, bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan 729 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta loyiha yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, yaqin kunlarda “Qo‘ng‘irot-Beynau” yo‘nalishidagi 240 kilometr yo‘l foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, Guliston – Andijon, Dushanbe – Termiz, Buxoro – Turkmanboshi, Urganch – Hazorasp yo‘llarining muayyan qismi qayta quriladi.

Bosung Kim mamlakatimizga ilk bor 2011 yil kelganini aytib, oxirgi yillardagi islohotlar natijasida yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar O‘zbekiston misli ko‘rilmagan ulkan qadamlar tashlaganidan darak berishini ta’kidladi.

Muhokama davomida transport sektorini barqaror rivojlantirish maqsadida infratuzilmani takomillashtirish, xizmatlarni modernizatsiya qilish va innovatsiyani qo‘llab-quvvatlash nafaqat iqtisodiy o‘sishni tezlashtirishi, balki barcha fuqarolar uchun turmush sifatini yaxshilashga xizmat qilishi e’tirof etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101920 | Инструменты