6-iyul kuni Ummon Sultonligida o‘tkazilgan “O‘zbekiston – Ummon” sayyohlik forumi doirasida Masqatning yirik savdo-ko‘ngilochar markazlaridan birida o‘zbekistonlik san’atkorlar ishtirokida yorqin madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tashrif buyurganlar o‘zbekona jo‘shqin raqs va kuy-qo‘shiqlar ijrosiga guvoh bo‘ldilar. Ushbu chiqishlar darhol tomoshabinlar e’tiborini tortib, bayramona kayfiyat yaratdi.
Tadbir Turizm qo‘mitasi va mamlakatimizning Ummondagi diplomatik vakolatxonasi tashabbusi bilan O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini ommalashtirish hamda uning boy madaniy merosiga e’tiborni jalb etish maqsadida o‘tkazildi. Raqs va musiqa orqali mehmonlar O‘zbekiston ruhini his etish va milliy an’analar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu, ayniqsa, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va arab davlatlaridan sayyohlarni jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu rang-barang taqdimot O‘zbekistonni dunyo sayyohlik xaritasidagi istiqbolli yo‘nalish sifatida keng ko‘lamli tanishtirish doirasida amalga oshirildi. U forumning asosiy maqsadlarini - mamlakat nufuzini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonni “Ipak yo‘li durdonasi” sifatida targ‘ib qilishni yaqqol namoyon etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72902 | Инструменты