Toshkent metropolitenining “O‘zbekiston” yo‘nalishidagi 4 ta poyezdga bittadan vagon qo‘shildi. Bu haqda Uzreport.news'ga metropoliten matbuot kotibi To‘ychi Mirzayev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bunday poyezd o‘rtacha 1300 kishini, to‘rt vagonli poyezd 1000 kishini tashishi mumkin.
“Hozir 5 ta vagonli 4 ta poyezd bor. Ular eksperimental yo‘lga qo‘yilgan”, — dedi To‘ychi Mirzayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 5 vagondan iborat poyezdlar sonini yil yakuniga qadar 12 taga yetkaziladi. Bundan tashqari, yil oxirigacha yana 14 ta yangi va zamonaviy turdagi Moskva poyezdini xarid qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, To‘ychi Mirzayev, poytaxtdagi 31 ta oliy o‘quv yurtida yangi o‘qish jadvali metropolitendagi tirbandlik muammosini hal qilishga yordam berganini aytib o'tdi. Qaror yo‘lovchilar sonini tartibga solish uchun qabul qilingan. Ayniqsa, dekabr oyining boshidagi qor yog‘ishidan keyin va anomal sovuq kunlarida metroga talab ortgan.
Ta'kidlanishicha, yangi jadval boʻyicha 23-yanvar kuni mashgʻulotlar boshlanganidan soʻng mutaxassislar bir hafta davomida yoʻlovchilar oqimining oʻzgarishini kuzatib borishgan. Natijalarga ko'ra, ertalabki tig'iz vaqtda stansiyalar yuki kamayib, o'quvchilar darslarga o'z vaqtida kelishga muvaffaq bo'lishgan.
"Buni birgina “Chilonzor” metro bekati misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni, ilgari Sergeli yerusti metro yo‘lidan keladigan harakat tarkibiga bekatdagi qariyb 70-80 foiz yo‘lovchilar chiqa olishmas edi va keyingi keluvchi poyezdni kutishardi. Hozir esa 80-85 foiz yo‘lovchilar poyezdga chiqib, ko‘zlagan manzillariga borishmoqda", - deydi metropoliten matbuot kotibi.
Metro, shuningdek, poyezdlar oralig‘ini qisqartirdi. Ertalab "Chilonzor" yo‘nalishida poyezdlar har 1,5-2 daqiqada, "O‘zbekiston" yo‘nalishida 3-4 daqiqa, "Yunusobod" yo‘nalishida esa 6-7 daqiqa oraliqda harakatlanadi.
Bundan tashqari, “Chilonzor” yo‘nalishida “Olmazor” bekatidan zaxira poyezdlari ham yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ma’lumot o'rnida, Toshkent metropolitenida bir kunda o‘rtacha 600 ming nafar yo‘lovchi tashilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22102 | Инструменты