Ijtimoiy tarmoqlarda banklardagi omonat hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini yechishda isteʼmolchidan mablag‘ning manbasi so‘ralayotganligiga doir tarqalgan xabarlar yuzasidan quyidagilar maʼlum qilindi.
Amaldagi qonunchilikka asosan jismoniy shaxslar o‘zlariga tegishli omonat hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini yechib olayotganda ushbu mablag‘ning kelib chiqish manbasi to‘g‘risida maʼlumot talab qilinmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilishiga doir yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari hamda boshqa manbalar orqali doimiy ravishda o‘rganib, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rib boradi.
"Agar Sizdan banklardagi omonat hisobvarag‘ingizdagi pul mablag‘larini yechishda uning kelib chiqish manbasi to‘g‘risida maʼlumot talab qilinsa, Markaziy bankning Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga 71 212-60-94, 71 212-73-62 raqamlari orqali bog‘lanishingiz mumkin.
Shu bilan birga, banklar, mikromoliya va to‘lov tashkilotlari faoliyatida xizmatlar ko‘rsatilishiga oid isteʼmolchilarning huquqlari buzilayotganligi yuzasidan murojaatlaringiz yoki takliflaringiz bo‘lsa, ularni Markaziy bankning info@cbu.uz elektron manziliga yuborish so‘raladi", deyiladi Markaziy bank xabarida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22121 | Инструменты