Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2024-yil 9 oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ko‘rib chiqildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, 2024-yilning 9 oyidagi mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 6,6 foizni tashkil etgan. Shundan sanoat ishlab chiqarishi 7,0 foizga, qurilish ishlari 9,0 foizga va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 3,1 foizga ko‘paygan.
Ayniqsa, asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 343,1 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,0 foizga o‘sganligi alohida e’tiborga molikdir. Aholining real daromadlari 7,7 foizga oshib, o‘rtacha ish haqi 16,4 foizga oshgan. Bu inflyatsiya darajasidan (6,8 foiz) yuqori bo‘lganligi aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qayd etilganidek, faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlari soni tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli islohotlar natijasida o‘tgan yilga nisbatan qariyb 37,2 mingga oshib, 848,4 mingtaga yetgan. Foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,2 foizga oshgan.
Joriy yilning to‘qqiz oyida Davlat budjeti daromadlari 193,6 trln. so‘mni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 18,9 foizga oshgan va deyarli barcha soliq turlari bo‘yicha belgilangan reja ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilgan.
Davlat budjeti xarajatlari hisobot davrida 219,3 trln. so‘mni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 9 foizga o‘sgan.
Hisobot davrida aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida ijtimoiy soha xarajatlari uchun Davlat budjetidan 107,8 trln. so‘m (umumiy xarajatlarning 49,2 foizi) yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,5 trln. so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirilgan.
Bunda umumta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga ajratilayotgan mablag‘larning yildan-yilga o‘sib borishi ushbu sohalarda mehnatga haq to‘lash miqdorlarining oshirilishiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qanoatlantirish maqsadida joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, respublika budjetidan ipoteka kreditlari bo‘yicha qariyb 1,0 trln. so‘m subsidiyalar ajratildi.
Deputatlar joriy yil yakuniga qadar, Davlat budjetining qonunda belgilangan parametrlarga to‘liq rioya qilgan holda ijro etilishini ta’minlash, budjet mablag‘laridan tejamkorlik bilan foydalanish, xarajatlarning natijadorligiga erishish borasida davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.
Majlisda ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan siyosiy partiyalar fraksiyalarining pozitsiyalari bildirildi.
Savol-javoblardan keyin, deputatlar Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2024-yil 9 oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan tegishli qaror qabul qildilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40506 | Инструменты