O‘zbekistonda biologik qurol ishlab chiqaruvchi laboratoriyalar borligi haqida tarqalayotgan xabarlarga TIV munosabat bildirdi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziriligi so'nggi paytlarda mamlakatning G‘arb davlatlari bilan bioxavfsizlik sohasidagi hamkorligi go‘yoki yaqin joylashgan davlatlar uchun xavf tug‘dirayotgani borasidagi asossiz bayonotlar tarqalayotganini ta’kidladi va ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.
“Bir qator OAVda O‘zbekistondagi mavjud laboratoriyalarning go‘yoki biologik qurol ishlab chiqarishga mo‘ljallanganligi to‘g‘risida tarqalayotgan ma’lumotlarning mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligiga e’tibor qaratamiz.
Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu laboratoriyalar faqat diagnostik tadqiqotlar o‘tkazish va tinchlik maqsadlaridagina foydalanish uchun mo‘ljallangan”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Bakteriologik va toksik qurol-yarog‘larni taqiqlash to‘g‘risidagi Konvensiya ishtirokchisi sifatida biologik qurol-yaroqlarni ishlab chiqarish va to‘plashning taqiqlanishini ta’minlaydi.
“O‘zbekistonga nisbatan bildirilgan har qanday asossiz bayonotlar ikki tomonlama munosabatlarda muayyan keskinlikni keltirib chiqaradi va, eng muhimi, o‘zaro ishonchga asoslangan davlatlararo muloqotga zarar yetkazadi, deb hisoblaymiz”, deya yakunlanadi TIV bayonoti.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110509 | Инструменты