Huawei 1
O‘zbekistonda chang bo‘ronlariga sabab bo‘luvchi omillar ma’lum qilindi

Gidrometeorologiya xizmati agentligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ob-havo o‘zgarishi, ifloslanishi hamda aholi va hududlarni tabiiy gidrometeorologik xavfli hodisalardan ogohlantirish haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni ortdi. Cho‘l hududlarida, respublikaning shimoli va janubida g‘ayritabiiy issiq kunlar soni 25-40 kungacha uzaydi. Odatda 15-30 kun davom etgan.

Quruq davrlarning davomiyligi ko‘paydi, bu esa atmosfera qurg‘oqchiligi va suv taqchilligi oshishiga olib keladi. So‘nggi yillarda atmosfera qurg‘oqchiligi bo‘lgan kunlar soni 50-80 kunni tashkil etib, o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan ortmoqda (30-70 kun).

Jumladan, iqlim monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada o‘rtacha yillik harorat tahminan 1,6 oS, ya’ni o‘rtacha 13,2 oS dan 14,8 oS gacha ko‘tarilganligini ko‘rsatmoqda. Bu esa, isish tezligi global miqyosda kuzatilgan o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqoriligini anglatmoqda.

2030-2050 yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida havo haroratini 1,5-3 darajaga ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Asosan Orolbo‘yi hududida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati) havo haroratining eng ko‘p ko‘tarilishi kutilmoqda.

O‘z navbatida ob-havoning bunday keskin o‘zgarib borishi yog‘inlar kamayishi, yerlar degradatsiyasi, chang bo‘ronlar sonining ortishi, biologik xilma-xillikning qisqarishi hamda atrof tabiiy muhitining sezilarli darajada ifloslanishiga olib keladi.

Xabaringiz bor, joriy yil 11 sentyabr kuni g‘arbiy havo frontining kirib kelishi va shamol tezligining 15 m/s gacha kuchayishi hisobiga Toshkentda changli bo‘ron kuzatildi.

O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda chang bo‘ronlariga sabab bo‘luvchi 2 ta omil mavjud: tashqi va ichki.

1. Tashqi omil. Qozog‘iston, Turkmaniston va Afg‘oniston hududlarida global iqlim o‘zgarishi ta’sirida yomg‘ir miqdori keskin kamaygani, suv havzalari qurishi fonida sug‘oriladigan yerlarning degradatsiyaga uchrashi sababli cho‘llanish avj olib, kuchli bo‘ronlar sodir bo‘lmoqda va qum-chang ko‘tarilib, O‘zbekiston hududiga kirib kelmoqda.

O‘zbekistoning Gʻarbiy (Buxoro) va Janubiy (Qashqadaryo va Surxondaryo) viloyatlariga esa, Turkmaniston va Shimoliy Afg‘onistonning (Afg‘on shamoli) cho‘l hududlarida ko‘tarilgan qum va changlar bo‘ronlar orqali kirib kelmoqda

2. Ichki omillar quyidagi turlarga ajratiladi:

a) mamlakatda cho‘llanish va yaylovlar degradatsiyasining avj olishi.

b) qurilish maydonlari sonining ortishi natijasida shamol fonida unda chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishi.

v) atmosferaga sanoat korxonalari va avtomashinalar tomonidan zararli tutunlarning chiqarilishi.

O‘zgidromet agentligi vakolati doirasida amalga oshiradigan monitorig ishlari xaqida aytadigan bo‘lsak:

Hozirgi kunda Agentlikning Atrof-muhit sifati monitoringi boshqarmasi 26 ta shaharning 74 ta stasionar kuzatuv punktlarida havo ifloslanishini kuzatadi. Ulardan 66 ta stasionar postlarda kuniga 3 marta havodan namuna olish amalga oshiriladi.

Respublikaning 7 ta - Jizzax, Guliston, Samarqand, Termiz, Nukus, Urganch va Toshkent shaharlarida o‘rnatilgan 8 ta zamonaviy avtomatik monitoring stansiyalarida «Horiba» onlayn kuzatuvlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, atmosfera havosi sifatini marshrut kuzatuvlari mobil ekologik laboratoriya yordamida amalga oshiriladi.

Mazkur kuzatish punktlari atmosfera havosini ifloslantiruvchi 12 turdagi tashlamalar monitoring qilinadi. Joriy yilda atmosfera havosidan Toshkent shahrida 23 mingtadan ziyod, butun tarmoq bo‘yicha 98 mingta namunalar olindi va tahlil qilindi. Buxoro, Termiz, Toshkent shaharlarida atmosfera havosini mayda chang zarralari RM10 bilan yuqori darajada ifloslanishi holatlari qayd etildi.

Yer usti suvlarining ifloslanishi monitoringi 43 ta ingrediyent bo‘yicha 59 ta suv ob’yektida, 89 ta punktda, 107 ta uchastkada amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 768 ta yer usti suvi namunalari, Gidrobiologik monitoring bo‘limi laboratoriyasida Toshkent viloyati daryolaridan olingan 110 ta perifiton va 134 ta zoobentos namunalari tahlil qilindi.

Tahlillar natijasida Markaziy Buxoro kollektorida – Buxoro shahri yuqori va quyi oqimida yer usti suvlarining sulfatlar bilan yuqori darajada ifloslanishining 9 ta holati qayd etilgan;

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi yerlarida 261 ta punktda tuproq ifloslanishi monitoringini olib borilmoqda. Toshkent va Navoiy shaharlari atrofidagi tuproqlarda 20 ta indikator yordamida sanoatdan kelib chiqadigan toksikantlar, Sariosiyo shahri atrofida esa suvda eruvchan ftoridlar miqdori tekshirildi. Jami 462 ta tuproq namunalari olindi va tahlil qilindi.

Aerozollarning umumiy beta faolligi va izotopik tarkibi kuzatuvlari 25 ta stasionar punktda olib boriladi, 40 ta stansiyada esa gamma nurlanishning ta’sir qilish dozasi darajasi o‘lchanadi. 400 ta atmosfera havosi namunalari tanlab olindi va tahlil qilindi.

Respublika hududlarida chang bo‘ronlari davriyligi va ularning ortib borishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv resurslari, o‘simlik va hayvonot dunyosining qisqarishi, shuningdek, iqlim o‘zgarishi ta’sirida aholi salomatligida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlarni o‘rganish va ularning oldini olish maqsadida Agentlik Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi, bilan hamkorlikda “Iqlim o‘zgarishiga moslashish rejasi”ni ishlab chiqmoqda.

Mamlakatdagi atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasini takomillashtirish maqsadida Prezidentimiz va Hukumatimiz tomonidan bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51206 | Инструменты