Huawei 1
O‘zbekistonda ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirildi

O‘zbekistonda ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar miqdori 15 foizga oshiriladi. Bunda:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 428 000 so‘m;
  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 834 000 so‘m;
  • nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 920 000 so‘m etib;
  • fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiyalar va nafaqalar miqdorlari ilovaga muvofiq belgilanadi.

Shuningdek, 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab budjet tashkilotlarida ishlovchi tibbiyot xodimlari, shuningdek, maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va tashkilotlari, “Muruvvat” internat uylari, bolalar va mehribonlik uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlovchi pedagog xodimlarning ish haqi miqdori – 15 foizga oshiriladi.

Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori esa 10 foizga oshiriladi, mazkur bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan xodimlar bundan mustasno;

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 155 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori – 375 000 so‘m etib belgilanadi.

Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

"Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilsin", deyiladi hujjatda.

Mazkur farmonning ijrosini ta’minlash uchun mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov belgilangan. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov zimmasiga yuklangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122210 | Инструменты