Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya, Tailand, AQSH, BAA va Avstraliya kabi tungi iqtisodiyot rivojlangan shaharlarda yillik daromadlar iqtisodiy o‘sishni sezilarli darajada rag‘batlantiradi.
Agentlikning taʼkidlashicha, Toshkentda tungi iqtisodiyotni samarali rivojlantirish uchun ayrim ko‘chalarni gastronomik zonalarga aylantirish bilan cheklanib qolmasdan, ustuvor qadamlarni qo‘yish zarur.
Shu munosabat bilan agentlik O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha bir qator takliflar ishlab chiqdi, xususan:
2025 yil 1 fevraldan tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha ishchi guruh tuzish;
— ko‘ngilochar muassasalarning juma va shanba kunlari kecha-kunduz ishlashi hamda ularning ish soatlariga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish;
— turistik jozibador zonalarni aniqlash va ularda tungi tadbirlar uchun joylarni tashkil etish;
— Toshkent shahridagi jamoat transportini (avtobuslar, tramvay, metro) kecha-kunduz ishlash rejimiga o‘tkazish;
— tungi muassasalar, jamoat transporti yo‘nalishlari va maxsus takliflar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan "Tungi Toshkent" elektron platformasini yaratish;
— tungi iqtisodiyot uchun maʼlum hududlarni modernizatsiya qilish, ko‘chalarni yoritishni kuchaytirish hamda aholi va sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, "O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni loyihasini ishlab chiqish, shuningdek, tungi iqtisodiyot sohasida litsenziyalash tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi qonunni tayyorlash maqsadga muvofiqligi taʼkidlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112723 | Инструменты