Oʻzbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslarning maxsus elektron reyestrini yuritish tartibi belgilanmoqda. Ushbu roʻyxatga kiritilganlarga sudlanganlik muddati davomida davlat xizmatiga kirish, rahbarlik lavozimlarini egallash hamda oʻz kompaniyalari orqali davlat xaridlarida ishtirok etish kabi qator taqiqlar qoʻllaniladi.
Oʻzbekistonda korruptsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestrini yuritish tartibi belgilanmoqda. Ushbu reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan davlat xizmati, davlat xaridlari va ayrim rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish boʻyicha cheklovlar qoʻllaniladi. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylangan “Korruptsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestri toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi loyihada keltirilgan.
Nizom loyihasiga koʻra, shaxsni korruptsiyaga oid jinoyat(lar) sodir etganlikda aybdor deb topish toʻgʻrisidagi sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi (ajrimi) uni elektron reyestrga kiritish uchun asos hisoblanadi.
Korruptsiyaga oid jinoyat(lar)ni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs haqidagi maʼlumotlar Ichki ishlar vazirligi tomonidan sudning ayblov hukmi (ajrimi) qonuniy kuchga kirgan paytdan eʼtiboran 3 ish kuni ichida elektron reyestrga kiritiladi.
Elektron reyestr Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda dasturiy kompleksda yuritiladi. Unda shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi.
Reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan quyidagi cheklovlar qoʻllaniladi:
- davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
- saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodini koʻrsatish;
- davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning aʼzosi boʻlish;
- oʻzi taʼsis etgan va ustav fondidagi ulushining 50 foizidan koʻproq qismiga oʻzi egalik qiladigan tadbirkorlik subʼyektlarining davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarda ishtirokchi sifatida qatnashish;
- davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlarda va davlat taʼlim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.
Cheklov qoʻllangani, uning sababi va huquqiy asosi sohaviy axborot tizimida avtomatik ravishda qayd etiladi. Shaxs elektron reyestrga kiritilganidan keyin unga nisbatan qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya qilinmayotgani aniqlanganda, masʼul xodim bu haqda tasdiqlovchi maʼlumotlarni ilova qilgan holda vakolatli subʼyektga darhol xabar beradi.
Vakolatli subʼyekt taqdim etilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqib, tegishli cheklov tatbiq etilishi tasdiqlangan taqdirda, qonunchilikda belgilangan asoslar va tartibda cheklovning xususiyatidan kelib chiqib, shaxsning cheklovga zid faoliyati yoki ishtirokini bartaraf etish choralarini koʻradi.
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs haqida elektron reyestrdan maʼlumot olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- sohaviy axborot tizimlarida — qonunchilikda belgilangan cheklovlarni avtomatik ravishda qoʻllashni taʼminlash maqsadida shaxsning elektron reyestrda mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar idoralararo elektron axborot almashinuvi orqali;
- davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari, bunday tuzilmalar mavjud boʻlmaganda esa tegishli tarkibiy boʻlinmalarning masʼul xodimlari tomonidan — oʻz xizmat vakolatlari doirasida qonunchilikda belgilangan cheklovlarni qoʻllash va ularga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida shaxsning elektron reyestrda mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar dasturiy kompleks orqali;
- jismoniy shaxs yoki uning vakili tomonidan — mazkur shaxsning elektron reyestrda mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, shuningdek, soʻrovga koʻra elektron reyestrda unga oid maʼlumotlardan koʻchirma Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali.
Ushbu qaror loyihasi muhokamasi joriy yil 8 dekabrga qadar davom etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112410 | Инструменты