Huawei 1
O‘zbekistonda mehnati samarali deb topilgan tibbiyot xodimlariga ustama to‘lanadi

O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari mehnat samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini ishlab chiqib, samaradorlikka erishgan xodimlarga ustama to‘lash rejalashtirilmoqda. Bu – 2025 yilgi davlat dasturi loyihasida belgilangan. Bu haqda avvalroq bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qilgandi. 

U malakali o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimi yaratilgani, shunday tizim tibbiyotda ham joriy etilishi, lekin hukumatda hali aniq yechimlar yo‘qligini aytgandi. “Asosiy masala – kimga va nima uchun yuqori oylik to‘lash”, degandi Qo‘chqorov.

Loyihada tibbiyot sohasi haqida yana nimalar deyilgan?

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ham ko‘zda tutilmoqda. Buni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Joriy yilda shifokor qabuliga navbatni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, birlamchi bo‘g‘indagi stomatologiya xizmatini autsorsing asosida xususiy sektorga berish reja qilingan.

2025 yil 1 noyabrga qadar tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy qilinayotgan hududlarda retsept asosida beriladigan dori vositalarini elektron retsept tizimi asosida tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Viloyat darajasidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari boshqaruv, moliya va tashkiliy jihatdan zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalar shaklida qayta tashkil etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11000 | Инструменты