Huawei 1
O‘zbekistonda qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh qonuniy taqiqlanishi mumkin

O‘zbekistonda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni qonuniy taqiqlash va javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilmoqda. Ayni paytda qarindoshlar o‘rtasida nikohning 58,1 foizi bobo va buvilar tashabbusi bilan tuzilmoqda. 

Bu haqda AOKAda o'tkazilgan qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh tuzish holatlari va uning salbiy oqibatlari mavzusidagi brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Mukarram Nurmatova ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, tadqiqot instituti tomonidan 2021 yil may–iyun oylarida qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzish holatlari va uning sabablarini o‘rganish maqsadida respublikaning 200 ta tumanida 6974 ta fuqarolar yig‘ini raislari o‘rtasida sosiologik so‘rovlar o‘tkazilgan. Unda qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan oilalarning hayoti qanday kechayotganini aniqlashga qaratilgan savollarga respondentlarning 25,2 foizida ziddiyat va nizolarga uchrab turganini, 24,9 foizida oilalarda nogiron farzand borligi, 8,9 foizida qarindoshlik asosida qurilgan oilalarda muammolar mavjudligi va doimiy kelishmovchiliklar bo‘layotgani bildirilgan.

Qarindoshlar o‘rtasida tuzaladigan nikohning 58,1 foizi bobolar va buvilar, 56,4 foizi ota-onalar, 14,1 foizi tog‘a, xola va ammalar, 13,2 foizi opa-singillar, 1,2 foizi aka-ukalar va 8,3 foizi boshqa shaxslar tashabbusi bilan tuziladi.

«Sotsiologik so‘rov natijasida qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan oilalardagi vaziyat yanada oydinlashdi. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, bunday nikohlar haligacha oshkora yoki yashirin holda noqonuniy qayd etilishi holatlari uchramoqda», — dedi Mukarram Nurmatova.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan shu kabi muammolarni hal etish uchun 2022 yilda qator choralar amalga oshirilishi belgilangan. Xususan, qizlarning milliy qadriyatlardan kelib chiqqan holda tibbiy madaniyatini oshirish, ta’limdan tashqari bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish orqali ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ishonch telefonini malakali mutaxxasislar bilan ta’minlash orqali murojaat etayotgan qizlarning muammolari o‘z vaqtida ijobiy yechimini topishlariga ko‘maklashish, erta farzand ko‘rgan qizlarni o‘qishga, kasb-hunar o‘rganishga motivatsiyalash bo‘yicha mutaxassislar manzilli ishlarni tashkillashtirishi shular jumlasidan.

Bundan tashqari, qarindoshlar o‘rtasida nikohni qonuniy taqiqlash masalasi ham o‘rganilmoqda va amaldagi qonunlarga o‘zgartish kiritilishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, vazirlik tomonidan davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda qarindoshlar o‘rtasida qayd qilingan nikohlar to‘g‘risida har chorak yakuni bilan ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida 2021 yilning o‘tgan davrida respublika bo‘yicha 1136 ta holatda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olishga erishilgan.

Shuningdek, agentlik tomonidan FHDYOning yagona elektron arxivi axborot tizimida qarindoshlar o‘rtasida qayd qilingan nikohlar to‘g‘risida statistik hisobotlar yuritilib borish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar o‘rtasida erta nikoh holatlarini rasman qayd etish kuzatiladi. Bu xalqaro normalar bo‘yicha bolalar nikohi sifatida ko‘riladi, ammo milliy qonunchilikda bolalar nikohiga ruxsat berilgan.

Izohlar: 2
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92007 | Инструменты