Huawei 1
O‘zbekistonda qarzdorlar uchun majburiyatlar reyestri paydo bo‘ladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 7-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda majburiyatlar reyestrini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar qarzdorning undirish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki yoki daromadi bo‘lmasa, ijro ishi yuritish tugallangan hisoblanadi va qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi.

Qonun loyihasida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash maqsadida “Majburiyatlar reyestri” institutini joriy etish ko‘zda tutilgan. Prezident farmoni bilan uni 2024-yil 1-dekabrdan boshlab joriy etish taklif qilingan edi.

Reyestr Majburiy ijro byurosi tomonidan yuritiladi. Unda sud hujjatlari yoki boshqa organlar hujjatlari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajara olmaydigan qarzdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘ladi.

Agar qarzdorda qarzni undirish mumkin bo‘lgan mol-mulki yoki mablag‘lari bo‘lmasa, bu haqdagi ma’lumotlar reyestrga kiritiladi. Soliq kodeksida reyestrga kiritilgan soliq qarzi uchun penya undirilmasligi nazarda tutilmoqda.

Reyestrga kiritilgandan so‘ng, qarzdorga nisbatan ijro protsessining bir qismi sifatida qo‘yilgan barcha cheklovlar (masalan, mol-mulkni xatlash, chet elga chiqishni taqiqlash, hisobvaraqlarni bloklash) majburiyatlar to‘liq bajarilgunga qadar o‘z kuchida qoladi.

Kelajakda qarzdorning mol-mulki yoki mablag‘lari borligi aniqlansa, majburiy ijro harakatlari qayta tiklanadi.

Majburiy ijro byurosi direktorining birinchi o‘rinbosari Shavkat Haydarovning aytishicha, bu tizimga qarzdorning JSHSHIRini kiritish orqali idoralararo o‘zaro hamkorlik asosida nazorat qilinadi. Bugungi kunda MIB 30 dan ortiq davlat idoralari va korxonalari bilan integratsiyalashgan. Masalan, IIV avtotransport vositalarini ro‘yxatga oladi, kadastr organlari — ko‘chmas mulkni, Agroinspeksiya — qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikani, Soliq qo‘mitasi — ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, Markaziy depozitariy — qimmatli qog‘ozlarni (aksiya, obligatsiyalar).

“Agar qarzdorning bank hisobraqamiga pul tushsa, byuro tizimi bu haqda ma’lumot oladi, keyin esa undirish choralari ko‘riladi”, — dedi u.

Shavkat Haydarov mazkur qonun mas’uliyatli to‘lovchilarga emas, faqat sud va boshqa organlar tomonidan o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlagan qarzdorlarga ta’sir qilishini ta’kidladi.

Qarzdor to‘g‘risidagi ma’lumotlar faqat quyidagi shartlarda reyestrdan chiqarilishi mumkin:

  • qarzdor ijro varaqasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarsa;
  • qarzdor vafot etgan taqdirda;
  • ijro hujjati berilgan sud hujjati yoki boshqa organning hujjati bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda;
  • agar 10 yil davomida qarzdorning mol-mulki yoki mablag‘lari to‘g‘risida ma’lumot aniqlanmasa;
  • agar qarzdor bankrot deb e’lon qilinsa.

Reyestrdan chiqarish da’vogarning iltimosiga binoan amalga oshiriladi.

Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi (oldinda ikkinchi va uchinchi o‘qish bor). 138 deputat yoqlab ovoz berdi, 2 nafari betaraf qoldi, hech kim qarshi chiqmadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11000 | Инструменты