Xalqaro qidiruvda bo‘lgan chet el fuqarosi O‘zbekistonda qo‘lga olindi

Bu haqda Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xabar bermoqda.

Unga ko'ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan 2014-yil yanvar oyida Qozog‘iston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari tashabbusi bilan xalqaro qidiruvga berilgan 54 yoshli xorijiy davlat fuqarosi ushlandi.

O‘ta yirik miqdordagi firibgarlik harakatlarini sodir etganligi, ishonchni suiiste’mol qilib, birovlarning mulkini o‘g‘irlagani uchun unga nisbatan "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi belgilangan.

Qidiruv tashabbuskorlari hisoblangan Nur-Sultonlik Interpol Milliy markaziy byurosidagi hamkasblarga firibgar Qozog‘istonda keyingi jinoiy javobgarlikka tortilishi uchun ekstraditsiya qilinishidan oldin qo‘lga olingani haqida ma’lumot berildi.

Hozirda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan uni Qozog‘istonga ekstraditsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51120 | Инструменты