O‘zbekistonda yoz mavsumida maktab, texnikum, oliygoh, istirohat bog‘larida mehnat yarmarkalari o‘tkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan “Turon” teatri tanlovida 12 mingdan ziyod teatr jamoasi qatnashdi. Tanlov natijasida har bir tumanda o‘ziga xos kichik teatr jamoasi shakllandi. 

“Turon” teatri tanlovi har yili maktab o‘quvchilari orasida o‘tkaziladigan bo‘ldi. G‘olib bo‘lgan o‘quvchilar Ijod maktablariga qabul qilinadi.

Viloyat, tuman hokimlariga yoz mavsumida maktab, texnikum, oliygoh, istirohat bog‘larida mehnat yarmarkalarini o‘tkazish topshirildi. Bu orqali vakant o‘rinlarga kamida 150 ming yoshlarni ishga joylashtirish mumkin.

Yoz oylarida “qurilish otryadlari”ni tashkil etib, 100 ming yoshlarni oylik beradigan ishlarga jalb qilish muhimligi qayd etildi. Tadbirkorlarning yoshlarni kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish borasidagi tashabbuslari bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlanishi taʼkidlandi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab, kollej, texnikum o‘quvchilarini kasbga o‘rgatib, ish berayotgan tadbirkorlarning bu xarajatlari soliq bazasidan chegirib tashlanadi. O‘quvchilarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70101 | Инструменты