O‘zbekistondagi 1-bosqich talabalariga 2 oylik ijara haqi hech qanday shartnomasiz to‘lab beriladigan bo'ldi

O‘zbekistondagi 1-bosqich talabalariga ikki oylik ijara haqi hech qanday shartnomasiz to‘lab beriladi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1-kursda tahsil olayotgan, ijarada yashaydigan talabalarga, istisno tariqasida, sentyabr va oktyabr oyi ijara to‘lovlarining 50 foizi, Toshkent shahrida BHMning 1 baravarigacha (hozirda 300 ming so‘m), qolgan hududlarda esa BHMning 0,5 baravarigacha (hozirda 150 ming so‘m) hech qanday ijara shartnomasi talab etilmasdan to‘lab beriladi. Ijara shartnomasini taqdim etgan talabalarga noyabr oyidan to‘lovlar davom ettiriladi.

Eslatib o‘tamiz, hukumat qarori bilan 2021-yil 1-maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasiga (qonuniy vakillariga) tegishli bo‘lmagan uyda ijarada yashaydigan talabalarga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi budjet mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi belgilangan.

"Mazkur imkoniyatdan foydalanish uchun ijarada turadigan talabalar o‘zi ta’lim olayotgan fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari yoki oliy ta’lim muassasasining talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin", — deb yozadi Sa’dullayev.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 43022 | Инструменты