O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish “moliyalashtirishning murakkab tuzilmasi”ni nazarda tutadi. Bu haqda Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida Atom energiyasi agentligi (“O‘zatom”) direktori Azim Axmedxadjayev ma’lum qildi.
Axmedxadjayevning so‘zlariga ko‘ra, stansiyaning yakuniy narxi hozircha oshkor etilmagan, chunki u optimallashtirilmoqda.
“Nega [narxni] aytmaymiz? Juda oddiy. Chunki biz indikativ muayyan qiymatga egamiz, uni har safar qayta-qayta pasaytiramiz. Ya’ni bu yakuniy qiymat hali yo‘q… Bu yerda mamlakat rahbari tomonidan juda qattiq nazorat o‘rnatilgan. Uning shaxsan o‘zi doimo qiziqish bildiradi va biz unga loyihaning amalga oshirilishi haqida to‘liq ma’lumot berib boramiz”, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, loyiha Open Book tamoyillari asosida amalga oshiriladi, bunda buyurtmachi pudratchining loyiha uchun uskuna turlarini ishlab chiqarish uchun barcha xarajatlarini ko‘rib turadi. Masalan, Yevropa kompaniyalari litsenziyasi asosida ishlaydigan xitoylik ishlab chiqaruvchilardan turbina va elektr uskunalarini sotib olish imkoniyati muhokama qilinmoqda.
“Bu shunchaki Xitoy mahsuloti yoki ishlanmasi emas, bu Yevropa kompaniyalari litsenziyasi asosida ishlab chiqarilgan uskuna. Shunchaki, yevropaliklardan sotib olsak, ancha samaraliroq va ancha arzonroq bo‘ladi. Shuning uchun biz doimiy ravishda optimallashtirish ustida ishlayapmiz”, — deya tushuntirdi Axmedxadjayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar “umumiy hajmdan” taxminan 300 million dollarlik xarajatlarni qisqartirishga erishilgan.
U umumiy quvvati 330 MVt (55 MVtdan) bo‘lgan oltita reaktorga ega kichik AESning taxminiy narxini aytib o‘tdi.
“[Stansiya] qiymati 2 mlrd dollardan kam bo‘ladi. Bu biz intilayotgan maqsadli ko‘rsatkich. Aniq raqam haqida gapirishni istamayman, chunki biz doimiy ravishda uning ustida ishlayapmiz”, — dedi u.
U Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi timsolida pudratchi bilan hamkorlik formati shunchaki “pudratchi-buyurtmachi” emas, balki jamoaviy ekanligini ta’kidladi. Agentlik rahbarining fikricha, bu nafaqat narxni pasaytirish, balki ushbu texnologiyalarni keyinchalik qo‘llash uchun yuqori salohiyatni yaratish imkonini beradi.
“O‘zatom” direktori stansiya qurilishini moliyalashtirish masalasiga alohida izoh berdi.
“Loyiha xalqaro xarakterga ega bo‘lgani uchun ayrim turdagi uskunalarni, aytaylik, Xitoydan sotib olamiz va buning uchun Xitoydan imtiyozli shartlarda mablag‘ jalb qilamiz. Shuningdek, ushbu loyihaga qiziqqan va sarmoya kiritishga tayyor bo‘lgan investitsiya kompaniyalari ham bor, ammo ular stansiya egalari qo‘lida emas, balki foyda oluvchilardir. [Moliyalashtirish] sxemasi aslida juda murakkab. U yerda, jumladan, davlat budjeti ham hisobga olinadi, lekin juda kam miqdorda. Bu asosan xorijdan jalb qilinayotgan mablag‘lar”, — deya tushuntirdi Axmedxadjayev.
Uning ta’kidlashicha, loyihada Rossiya kreditlaridan foydalanilmaydi. “Hozir biz barcha geosiyosiy jarayonlarni hisobga olgan holda Rossiya pullarini ko‘rib chiqmayapmiz. Biz shunday moliyaviy pulni shakllantirmoqdamizki, bu loyihani samarali amalga oshirish va unga o‘z vaqtida sarmoya kiritish imkonini bersin. U yerda haqiqatan ham juda murakkab moliyaviy sxema mavjud”, — dedi “O‘zatom” rahbari.
Axmedxadjayev, shuningdek, davlat budjetiga “yuk”ni kamaytirish va davlat kafolatlaridan foydalanish rejalashtirilayotganini aytdi.
Bunday sxema moliyaviy xatarlarga olib kelmaydimi, degan savolga javob berar ekan, u mamlakatda moliyalashtirishni to‘g‘ri tashkil etish uchun barcha sharoitlar yaratilayotganiga ishontirdi.
“Hozir elektr energetikasi sohasida katta islohotlar olib borilmoqda. Joriy yilda ishga tushiriladigan elektr energiyasi regulyatori allaqachon yaratilgan. Va u yerda raqobatbardosh elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarni yaratish imkonini beradigan bozor yaratilmoqda. Iste’molchi uchun kurash bo‘ladi”, — dedi u.
Axmedxadjayevniнг qo‘shimcha qilishicha, kichik AES O‘zbekiston mulkida qoladi, xorijiy investorlarning ishtiroki esa dividendlar olish bilan cheklanadi.
“Biz tashqi qarzlarni, shu jumladan, investitsion qarzlarni jalb qilamiz, lekin ular stansiya ta’sischilari tarkibiga kirmaydi, balki foyda oluvchilar tarkibiga kiradi. AES ishlab chiqaradigan foydani ular dividendlar ko‘rinishida olishadi. [Stansiyani] boshqarishda ular hech qanday ishtirok etmaydi. Bu ahmoqlik”, — deya tushuntirdi u.
Kichik AES ishlab chiqaradigan 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi haqidagi savolga Ahmedxo‘jayev stansiya elektr energiyasi uchun eng arzon narxlardan birini ta’minlashini aytdi. “AESda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi narxi dunyodagi eng arzonlaridan biri bo‘lsa kerak”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xarajatlar yakuniy optimallashtirilgandan va texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqilgandan so‘ng aniq qiymat ma’lum bo‘ladi. Biroq jahon tajribasiga asoslanib, u loyihaning o‘zini oqlash muddati 15−20 yil bo‘lishini taxmin qildi.
“Atom stansiyasi asosiy uskunalar, uzellarni almashtirmasdan 60 yilgacha ishlaydigan yagona energiya manbaidir. 60 yildan so‘ng modernizatsiya, qayta ishlash, qo‘shimcha jihozlash ishlari olib borilmoqda va stansiya yana 20 yil ishlashi mumkin. Investitsiyalarni qaytarish muddati har qanday holatda ham stansiyadan foydalanish muddatidan bir necha baravar kam”, — dedi Axmedxadjayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, stansiya o‘zini qoplash nuqtasiga chiqqandan so‘ng 1 kVt/soat elektr energiyasining narxi “1,5−2 sentni tashkil etishi mumkin”, bu qayta tiklanadigan manbalardan (quyosh va shamol) olinadigan elektr energiyasi narxi bilan taqqoslanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32617 | Инструменты