O'zbekiston elchixonasida Polsha voleybol federatsiyasi a'zosi, Voleybol o'quv markazlari loyihasi rahbari Valdemar Vspanyalog va sport menejeri Yatsek Bednarek bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Unda sport ta'limi va mutaxassislar tayyorlash sohasida hamkorlik masalalari, shuningdek, Polshaning voleybol sport turini rivojlantirish bo'yicha tajribasini O'zbekistonda joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Polsha tomoni o'z tajribasi bilan o'rtoqlashishga va voleybolni rivojlantirish bo'yicha tizim va o'quv dasturlarni O'zbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyatlarini ko'rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Murabbiylar va mutaxassislar uchun qo'shma o'quv dasturlari, treninglar o'tkazish hamda ikki mamlakat sport muassasalari o'rtasida tajriba almashish masalalariga e'tibor qaratildi. Shuningdek, qo'shma musobaqalar, o'quv-mashg'ulot yig'inlari va sport infratuzilmasini rivojlantirish uchun xalqaro ekspertlarni jalb etishga e'tibor qaratildi.
Tomonlar O'zbekistonda voleybol sportining rivojlanishi holatini tahlil qilish va voleybolni yangi darajaga chiqarish bo'yicha tavsiyalar tayyorlash uchun polyak ekspertini maslahatchi sifatida taklif qilish, o'zbek murabbiylari malakasini oshirish uchun ikki nafar polyak murabbiyini jalb qilish, "Maktab voleybol markazlari" loyihasini o'rganish maqsadida mamlakatimiz ekspertlaridan iborat guruhning Polshaga safarini tashkil etish kabi takliflarni qo'llab-quvvatladilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32918 | Инструменты