Huawei 1
O‘zbekistonga Pokistondan olib kirilgan mandarin partiyasida zararkunanda borligi aniqlandi

Har yili qish mavsumida respublikamizda sitrus mevalariga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib, mazkur turdagi mahsulotlarning import hajmi ortadi. Mevalarning katta qismi O‘zbekistonga Pokiston davlatidan import qilinadi. Tabiiyki, olib kirilgan karantin ostidagi mahsulotlar karantin nazoratidan o‘tkaziladi.

Bir necha kun avval “Ayrtom” chegara o‘tkazish punkti orqali 26 ta transport birligida Pokiston davlatidan olib kirilgan mandarin partiyasida karantinosti zararkunanda borligi ma’lum bo‘ldi. Mahsulotlardan namunalar olinib, Agentlikning Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertiza o‘tkazildi. Tahlil natijasida import mevada "Qizil pomeranes" qalqondori mavjudligi aniqlandi. Mazkur turdagi hasharot limon, xurmo, anjir, olma, olxo‘ri, zaytun, uzum kabi o‘simliklarning shirasi bilan oziqlanib, ularning hosildorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Asosan Pokiston, Afg‘oniston, Jazoir, Angola, Gvineya, Misr, Tanzaniya, Janubiy Afrika hududida tarqalgan.

Holatga oydinlik kiritish maqsadida Karantin agentligi Pokiston karantin xizmati bilan bog‘landi. Muloqotda Pokiston tomoni dekabr oyida O‘zbekistonga mandarin eksporti uchun fitosanitariya sertifikati rasmiylashtirib berilmaganligini ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozim, O‘zbekiston va Pokiston milliy karantin xizmatlari o‘rtasida elektron hujjatlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Qalbaki sertifikatlar mazkur elektron tizim orqali ham tekshirildi va fitosanitariya sertifikatlari qalbaki bo‘lgani aniqlandi.

Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, endilikda Pokistondan olib kirilishi rejalashtirilgan barcha karantin ostidagi mahsulotlar uchun berilgan fitosanitariya sertifikati haqqoniyligi chegara maskanlarida Karantin agentligining “E-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tekshirilib, Pokiston davlatining elektron bazasida ushbu fitosanitariya sertifikati mavjudligi tasdiqlangandan so‘ng mahsulotlar olib kirilishiga ruxsat berilishi belgilandi.

Shuningdek, Tashqi Iqtisodiy Faoliyat (TIF) maskanlarida ham karantin davlat inspektorlari tomonidan sertifikatning avtomatlashtirilgan axborot tizimida elektron nusxasi bo‘lgan taqdirda transportni ko‘rik uchun ochish va namunalar olishga ruxsat etiladi.

“Hurmatli tadbirkorlar, sitrus, rezavor va boshqa turdagi meva va sabzavot importida xorijiy mamlakatlarning ishonchli korxonalari bilan hamkorlik qilishingizni tavsiya qilamiz”, deyiladi agentlik xabarida.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, shuningdek, Pokistondan mandarin eksporti uchun import karantin ruxsatnomasi rasmiylashtirilishi vaqtinchalik to‘xtatilgani haqida ogohlantirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122220 | Инструменты