Huawei 1
O‘zbekistonliklar uchun Kanada, Argentina va Avstraliya vizalarini olish soddalashtirilishi mumkin

O‘zbekistonliklar uchun Kanada, Argentina va Avstraliya vizalarini olish tartibi soddalashtirilishi mumkin. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlikda VFS Global xalqaro kompaniyasining MDH va Sharqiy Yevropa mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Shveta Mishra va O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Timur To‘ychiyev bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston hududlarida kompaniya ofislari tarmog‘ini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar jamoaviy guruhlar arizalari asosida VFS Global xodimlarining sayyor qabullari mexanizmini ishga tushirishga kelishib oldi. Bu chekka hududlardagi ariza beruvchilarga Toshkent va Samarqand shaharlaridagi markazlarga kelmasdan pullik asosda viza xizmatini olish imkonini beradi.

Shuningdek, uchrashuvda fuqarolar uchun O‘zbekistonda diplomatik vakolatxonalari mavjud bo‘lmagan mamlakatlar, jumladan, Kanada, Argentina hamda Avstraliya kabi davlatlar vizalarini rasmiylashtirish tartibini soddalashtirishga e’tibor qaratildi.

Akkreditatsiyadan o‘tgan konsulliklar mavjud bo‘lmagan sharoitda vizani rasmiylashtirish qo‘shimcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qilishidan kelib chiqib, O‘zbekiston tomoni jarayonlarning bir qismini mamlakat hududiga ko‘chirish taklifini ilgari surdi.

Bunda VFS Global’ning mahalliy ofislari orqali biometrik ma’lumotlarni topshirish va onlayn suhbat o‘tkazish imkoniyatini yaratish nazarda tutilmoqda.

Tomonlar hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va O‘zbekiston fuqarolari uchun viza xizmatlari sifatini oshirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar, deya xulosa qilinadi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71608 | Инструменты