O‘zbekistonliklarga 15% boshlang‘ich to‘lov bilan 20 yilga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan imtiyozli uylar berilishi mumkin

O‘zbekistonliklarga 15% boshlang‘ich to‘lov bilan 20 yilga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan imtiyozli uylar berilishi mumkin. Bu bo‘yicha, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirishga qaratilgan prezident qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Loyiha aholi keng qatlamining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish, arzon uylar qurish hajmini oshirish, yangi arxitektura va texnik yechimlarni joriy etish hamda xususiy pudrat tashkilotlar rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirilishi belgilangan.

“Mening birinchi uyim” dasturi Turkiyaning “TOKI” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Dasturning birinchi bosqichi tajriba-sinov tarzida Zangiota tumanidagi “Turkiston” MFYda amalga oshiriladi.

Qurilish ishlarini muvofiqlashtirish uchun davlat muassasasi shaklidagi “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirish direksiyasi tashkil etiladi.

Dastur doirasida quriladigan uy-joylar aholiga imtiyozli va bozor shartlarda realizatsiya qilinadi. Xususan, imtiyozli uy-joylar oxirgi 5 yilda mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan oilalarga, 15% miqdorda boshlang‘ich to‘lov asosida 20 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari asosida beriladi.

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga quyidagi tartibda budjetdan subsidiyalar ajratiladi:

- imtiyozli uy-joylar bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplash uchun — qat’iy belgilangan 32 mln so‘m miqdorida;

- oylik to‘lovlarning bir qismini qoplash uchun — 5 yil davomida har oylik qat’iy belgilangan 1 mln so‘m miqdorida.

Ko‘p kvartirali uy-joylar, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlarini samarali joylashtirish, loyihalashtirish hamda qurish ishlarini tashkil etish direksiya tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, loyihalashtirish va qurish ishlarini amalga oshiradigan tadbirkorlar tender asosida aniqlanadi.

Izohlar: 7
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты