Huawei 2
O‘zmilliybank tomonidan Toshkent shahriga 1000 ta avtobus keltirildi

Zamonaviy jamiyatning eng muhim talablaridan biri vaqtdan yutish  bo‘lsa, keyingisi qulaylikka intilishdir. Bugun ana shu ehtiyoj kundalik turmushimizning eng asosiy faktoriga aylanib ulgurdi. Masalan, ertalab o‘rningizdan turasiz va kunlik rejalarni bajarish uchun istaysizmi-yo‘qmi, ko‘chaga otlanasiz. Kimdir shaxsiy, kim esa jamoat transportidan foydalanishiga to‘g‘ri keladi. Ammo bekatda avtobus kutish ba’zida toqatni toq qiladi. Qancha vaqt ketdi, degan o‘y ko‘ngilni xira qilishi tabiiy. Agar kelishilgan uchrashuv bo‘lsa bu kechikish sizga qimmatga tushishi ham mumkin. Yana bir tomoni esa, bugun poytaxtimizda aholi sonining tobora oshib borishi ham jamoat transportiga  bo‘lgan talabning ortishiga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bu boradagi muammolarning ijobiy yechimi bo‘ldi deyish mumkin. Xususan,  joriy yilning 26 may kuni  davlatimiz rahbarining Chilonzor tumanidagi 7-avtobus saroyiga tashriflari chog‘ida “O‘zmilliybank” AJ zimmasiga ham qator vazifalar berilgan edi. Mazkur  berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zmilliybank tomonidan Transport vazirligi va “Toshshahartransxizmat” AJ mas’ul xodimlari bilan birgalikda bir qator ishlar amalga oshirildi.Jumladan, “O‘zmilliybank” AJ tomonidan Xitoy davlat taraqqiyot bankidan uzoq muddatga imtiyozli shartlarda kredit mablag‘lari jalb qilinib, Toshkent shahri jamoat transporti uchun Xitoydan 1000 ta yangi avtobuslar olib kelindi. Natijada, “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi avtobus saroylarning jami 167 ta yo‘nalishlarga kunlik chiqarilayotgan avtobuslar soni 1700 taga, qatnovlar hisobiga kunlik yo‘lovchilar soni 900-950 mingtaga yetkazildi va yo‘lovchi tashish hajmi 2 barobarga o‘sishi ta’minlandi.

Sohada daromadlar hisobini samarali tashkil qilish va naqd pul tushumi yig‘ilishida shaffoflikni ta’minlash maqsadida, “O‘zmilliybank” AJning Toshkent shahar filiallari 8 ta avtobus saroylariga biriktirilib, Ishchi guruhlar tashkil etgan holda barcha avtobuslar “Brutto shartnomasi”ga asosan haftalik xronometrajga olindi. Xronometraj yakuni bo‘yicha, yo‘lovchilar soni va tushumlar “Toshshahartransxizmat” AJdagi mavjud elektron tizimlar bilan solishtirilib kelinmoqda. 

Olib borilgan tadbirlar natijasida, sentyabr oyida aprel oyiga nisbatan avtobus saroylarida haftalik o‘rtacha tushum 4,5 mlrd.so‘mdan 6,5 mlrd.so‘mga, tashilgan yo‘lovchilar soni esa 4,2 mln.dan 5,5 mln.gacha oshdi. Bunda, naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushi 41 foizdan 51 foizga yetdi. Natijada, tushumlarning hisobga olinishi 80-85 foizdan 95-100 foizga (naqd pulda, transport kartasi, bank kartasi QR-kod va imtiyozli kartalar orqali to‘lovlar) ta’minlandi.

Shuningdek, jamoat transportiga yagona intellektual tizimini joriy qilish bo‘yicha ham choralar ko‘rilib, bugungi kunda xitoyning “Magnetic North” eng yetakchi kompaniyasi bilan ushbu yo‘nalishda ishlar olib borilmoqda.
Eng asosiysi, yaratilgan sharoitlardan yo‘lovchilar mamnun. Bekatda uzundan-uzoq kutishlar oldi olindi va yo‘nalish bo‘yicha qo‘yilgan avtobuslar soni ko‘paydi.

Qish qahratoni va yoz jaziramasida bekatda avtobus kutish azob edi. Kamiga yetib kelgan transportdagi tirbandlikni ko‘rib, navbatdagisini kutishga to‘g‘ri kelardi. Bu ayniqsa, ishga yoki o‘qishga  shoshilayotgan yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirardi, -deydi Shoyim Boltayev. – Men pensionerman. Har doim jamoat transportidan foydalanaman. To‘g‘risini aytsam, keyingi 3-4 oyda shahrimizda avtobuslar qatnovi ko‘paydi. Yangi, zamonaviy transportlarda eson-omon manzilga yetib olyapmiz.

Jamoat transportining yo‘lovchilarga yaxshi xizmat ko‘rsatishi, shubhasiz uni boshqaradigan haydovchiga ham bog‘liq. Haydovchining ko‘rinishi, muomalasi, malakasi va mahorati yo‘lovchining ham kayfiyatiga ta’sir o‘tkazadi.

Ilgari kunlik pul tushumi bo‘yicha planimiz bor edi,-deydi haydovchi Dilmuhammad Amirqulov.- Haydovchi rulni ushlaganidan boshlab toki ishini tamomlaguniga qadar ana shu belgilangan rejani bajarish haqidagi fikr bilan yurardi. Bu o‘z-o‘zidan ishimizga ham xalaqit bergan paytlar ko‘p bo‘lgan. Sababi jamoat transportiga turfa xarakterdagi odamlar chiqadi va haydovchining holati bilan hisoblashishmaydi. Endi esa plan degan narsalar olib tashlandi. Elektron tizim asosida yo‘lovchilardan yo‘l haqi olish imkoni yo‘lga qo‘yildi. Oylik maoshlarimiz qariyb 2 barobarga ko‘tarildi. Xullas, tizimdagi yangiliklar ham haydovchi, ham yo‘lovchi uchun qulaylik yaratmoqda.
Avvallari kunlik planni topshirish uchun uzundan uzoq kassada navbat hosil bo‘lardi-deydi haydovchi Isroil Xudoyberdiyev. -Hozir tizim soddalashtirildi, ya’ni qulay bo‘ldi. Bank bilan olib borilgan hamkorlik natijasida ishimiz ancha osonlashdi. Qolaversa, ilgari men yuradigan yo‘nalishimda 7 ta avtobus yurgan bo‘lsak, endilikda bu yo‘nalishda 11 ta avtobus qatnayapmiz.
Kelgusida ham yuqoridagi tadbirlar davom ettirilib, Toshkent shahrida  jamoat transporti sonini ko‘paytirish va unda pul tushumlarining o‘z vaqtida va to‘liq miqdorda bank kassalariga kirim qilish ishlari nazoratga olinadi va zaruriy choralar ko‘riladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga