Huawei 1
Olimlar: "Ochlik immun hujayralarining saratonga qarshi xususiyatlarini oshiradi"

Yangi tadqiqotga ko‘ra, haftasiga ikki marta 24 soatdan ochlik holatida yurish “tabiiy qotil hujayralar” deb ataladigan o‘ziga xos immunitet hujayralarining saratonga qarshi kurashish qobiliyatini oshiradi. 

Natijalar kelgusida saratonni qo‘shimcha davolash uchun bir qator imkoniyatlarni ochib beradi. Tadqiqot Nyu-Yorkdagi MSK Saraton markazi olimlari tomonidan o‘tkazildi.

“O‘smalar juda och bo‘ladi. Ular zaruriy oziq moddalarni “yeydi”, bu bilan ko‘pchilik immun hujayralari uchun zararli bo‘lgan lipidlarga boy dushman muhitni yaratadi. Tadqiqot ochlikning “tabiiy qotil hujayralar”ni ushbu bostiruvchi muhitda yaxshiroq omon qolish uchun qayta dasturlanib olishini ko‘rsatdi”, — dedi immunolog, tadqiqotning hammuallifi Jozef San.

“Tabiiy qotil hujayralar” (NK) leykotsitlar bo‘lib, ular o‘z nomiga mos holda virus va saraton hujayralari bilan zararlangan boshqa hujayralarni yo‘q qiladi. Ularning asosiy vazifasi “bosqinchilar”ni yo‘q qilish bo‘lsa-da, NK-hujayralar zararli hujayralarga hujum qilishga signal berish uchun sitokinlar deb ataladigan oqsillarni chiqarish orqali boshqa immun hujayralar bilan o‘zaro taʼsirga kirishadi. Qanchalik ko‘p NK-hujayralari saraton o‘simtasiga kirib borsa, bemor uchun prognoz shunchalik yaxshi bo‘ladi.

“Tadqiqot davomida har bir ochlik siklida NK-hujayralar glyukoza o‘rniga yog‘ kislotalaridan muqobil yoqilg‘i manbai sifatida foydalanishni o‘rganganini ko‘rdik. Bu haqiqatan ham ularning saratonga qarshi taʼsirini optimallashtiradi, chunki o‘simta mikro muhitida yuqori konsentratsiyali lipidlar mavjud va ular bunday metabolik mashg‘ulotlar tufayli endi o‘simtaga kirib, u yerda yaxshiroq yashab qolishlari mumkin”, — dedi tadqiqotning yetakchi muallifi Rebekka Delkonte.

Olimlarning fikricha, ochlikning ko‘p turlari bor va ularning baʼzilari organizm uchun foydali, ayrimlari esa zararli bo‘lishi mumkin. Bemorlar o‘z shifokorlari bilan muloqotda bo‘lib, ularning individual holati uchun qay biri xavfsiz va foydali ekanligi haqida bilishlari kerak.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82317 | Инструменты