Huawei 1
“Olimpiya shaharchasi”da musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulotlarni ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘tkazish bo‘yicha alohida tizim yaratiladi

Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyevning Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

"Oldimizda to‘rt yil vaqt bor. O‘ylaymanki,  sport federatsiyalari rahbarlari o‘zlariga xulosa qilib, Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan olimpiadaga munosib tayyorgarlik ko‘radilar", - dedi Prezident.

Bunga erishish uchun har bir olimpiya sport turini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Shu maqsadda kelgusi to‘rt yilda sportchilarni tayyorlash bo‘yicha katta dasturlar qabul qilinadi.

Har bir yo‘nalishda sport meditsinasi, farmakologiyasi, diyetologiyasi, psixologiyasi va muhandisligi bo‘yicha chet eldan malakali mutaxassislar jalb etiladi.

Bu borada “Olimpiya shaharchasi”da musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulotlarni ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘tkazish bo‘yicha alohida tizim yaratiladi.

Bahodir Jalolov, Oksana Chusovitina maktablari kabi ixtisoslashgan sport muassasalari har bir hududda, har bir sport yo‘nalishi bo‘yicha tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, joylarda, ayniqsa, mahallalarda yangi-yangi iqtidorlarni kashf qilish, ularni manzilli seleksiya asosida xalqaro musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha ham alohida dastur joriy etiladi.

"Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston – Olimpiada o‘yinlarida nafaqat kurashchi-pahlavonlar yurti, balki chavandoz va yuguruvchilar, mergan va qilichbozlar,  gimnast va suzuvchilar, futbolchi va tennischilar, marafonchi va velosportchilar mamlakati sifatida ham munosib ishtirok etishi kerak", - dedi Prezident.

Buning uchun mamlakatimizdagi zarur sport infratuzilmasiga ega bo‘lgan 15 ta Olimpiya va paralimpiyaga tayyorlash markazi, 6 ta Respublika oliy sport mahorati maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabiga ana shu yo‘nalishlarda yuqori mahoratli sportchilarni tarbiyalagan mahalliy va xorijiy trenerlarni biriktirish lozimligi taʼkidlandi.

Hukumatga sport federatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda har tomonlama asoslangan takliflarini kiritish topshirildi.

Ommaviy sportni rivojlantirish milliy olimpiya harakatining ajralmas bir qismi bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Shu bois mamlakatimizda ommaviy sportni yana-da rivojlantirish haqida takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yaqinda Prezident farmoni bilan 33-yozgi Olimpiada o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari, ularning murabbiylari hamda sport delegatsiyamiz aʼzolaridan bir guruhi mukofotlangan edi.

Bugungi marosimda davlat rahbari ushbu yuksak mukofotlarni o‘z sohiblariga tantanali topshirdi.

So‘zga chiqqan sportchilar, murrabiy va ota-onalar eʼtibor va ishonch, yaratilgan sharoitlar va rag‘bat uchun minnatdorlik bildirdi.

Prezident ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, kelgusi faoliyatida yana-da ulkan zafarlar tiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42820 | Инструменты