Bugun, 4 noyabr kuni Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalari boʻyicha yigʻilishda e’lon qildi.
Prezident yigʻilishda oʻz hududini kompleks rivojlantirishda Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova alohida jonbozlik koʻrsatayotganini e’tirof etib, davlat va boshqaruv idoralaridagi koʻp yillik samarali mehnati, yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali aholi farovonligini ta’minlash yoʻlidagi xizmatlari uchun uni “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlashga qaror qilganini e’lon qilgan.
Ma’lumot uchun, Nargiza Ne’matova 1964 yilda tugʻilgan, ma’lumoti boʻyicha mutaxassisligi vrach-terapevt. 1991 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutining kunduzgi boʻlimini tamomlagan.
Faoliyati davomida Olot tumani markaziy kasalxonasi kardiolog vrachi, tuman markaziy kasalxonasi tugʻruqqa tayyorlash boʻlimi mudiri, terapevt vrachi, bosh vrachi vazifalarida ishlagan. 2004 yildan xalq deputatlari Olot tuman kengashi deputati boʻlgan. Shuningdek, tuman hokimi oʻrinbosari – tuman xotin-qizlar qoʻmitasi raisi hamda mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan. 2020 yilning mart oyidan buyon Olot tumanini boshqarib kelmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110415 | Инструменты