"Dok-1 Maks" iste’moli natijasida bolalarning hayotdan ko‘z yumgani O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohasida muammolar mavjudligini ko‘rsatib berdi, deya ma’lum qildi "Yuksalish" harakati
"Dok-1 Maks" preparatini qabul qilish oqibatida bolalar hayotdan ko‘z yumgani O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohasida muammolar mavjudligini ko‘rsatib berdi, deya ma’lum qildi "Yuksalish" umummilliy harakati.
Birinchidan, dori vositalarini nazoratsiz qo‘llash amaliyotini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblaydi harakat. Chunki bugun fuqarolar qaysi dorini ichish bo‘yicha ko‘pincha shifokor bilan emas, dorixona sotuvchilari bilan maslahatlashmoqda.
"Ko‘plab dori vositalarini shifokor reseptisiz osongina aptekadan xarid qilishimiz mumkin va bu dorilardan noto‘g‘ri foydalanish xavfini yaratmoqda", — deyiladi xabarda.
Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, shifoxonalarga yotqizilgan bemorlarning o‘rtacha 10−20 foizida dorilar nojo‘ya ta’sir qilganlik holati kuzatiladi, qizig‘i, rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich ikki baravar yuqorini tashkil qiladi. 2008−2018 yillarda O‘zbekistonda dori vositalari bilan o‘zini o‘zi davolash natijasida sog‘liqning yomonlashganligi bilan bog‘liq 2300 ta holat ro‘yxatga olingan.
Shuning uchun, avval, ommaviy axborot vositalarida dorilarning bevosita reklamasiga cheklovlar joriy etish zarur, deb hisoblaydi harakat. Xususan, dori vositalari reklamasini faqat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ruxsati bilan amalga oshirish.
"JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dori vositalarini nazoratsiz qo‘llash va o‘zini o‘zi davolash darajasining oshishi aynan reklama bilan bog‘liqdir. Bunday davolanish natijasidagi o‘lim holatlari jarohatlar, qon aylanish kasalliklari, onkologik va pulmonologik kasalliklardan keyin 5-o‘rinda turadi. Albatta, iste’molchilar dori-darmonlarni qo‘llashdan kelib chiqadigan nojo‘ya ta’sirlar, ularning muvofiqligi va organizmning individual reaksiyasi xavfini baholay olmaydi", — deyiladi xabarda.
Odamlar dori-darmonlarga oddiy iste’mol tovari sifatida qaramoqda va bu — vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Shuning uchun mazkur masala har 100 ming aholiga o‘rtacha 25−27 ta dorixona to‘g‘ri keladigan O‘zbekiston uchun dolzarbdir.
Ikkinchidan, dori vositalarining reklamasiga oid qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilinmoqda.
O‘tgan yili "Reklama to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi. "Unda dori vositalarining reklamasiga oid aniq tartiblar belgilangan bo‘lsa-da, biz har kuni televideniye, radio va boshqa turdagi reklamalarda qonun talablarining buzilishini kuzatyapmiz. Farmkompaniyalar qonun talablariga bepisandlik bilan yondashayotganlarini ko‘ryapmiz", — deya ma’lum qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11713 | Инструменты