Huawei 1
1-apreldan ijtimoiy karta bilan avtobuslarda to‘lov qilish mumkin bo‘ladi

Avvalroq tajriba-sinov tarzida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida “ijtimoiy karta” joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi mazkur kartalar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, mazkur ijtimoiy karta 2024-yilning dekabr oyidan boshlab yangi tayinlangan to‘lovlar oluvchi shaxslarga bepul taqdim etilmoqda. Ular dastlab to‘lov vositasi — bank kartasi funksiyasini bajaradi. U orqali quyidagi 9 turdagi ijtimoiy to‘lovlar berilmoqda:

- kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi;

- kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam;

- yoshga doir nafaqa;

- nogironlik nafaqasi;

- yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oylik moddiy yordam;

- nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqalari;

- nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalar uchun nafaqa;

- protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari xaridi uchun vaucher;

- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi.

2025-yilning 1-aprelidan bular qatoriga yana 2 turdagi ijtimoiy to‘lovlar — homiladorlik va tug‘ish nafaqasi shuningdek, “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar qo‘shiladi.

Agentlik ijtimoiy karta funksiyalari bosqichma-bosqich kengaytirib borilishini qayd etdi. Xususan, 1-apreldan boshlab kartadan transport kartasi va imtiyozli transport kartasi sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Bunda jamoat transportida imtiyozli yoki bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lganlar uchun belgilangan imtiyozli yoki bepul tarif amal qiladi, imtiyozga ega bo‘lmaganlar bundan mustasno. Hozirda bu funksiyani joriy etish uchun tegishli axborot tizimlarini integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Sinov bosqichida ijtimoiy karta ochish uchun elektron arizalar “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi. Keyinchalik Yagona portal, kartaning mobil ilovasi hamda tegishli banklar bo‘linmalari orqali ham murojaat qilish mumkin bo‘ladi.

Ijtimoiy karta bo‘yicha moliyaviy agentlar “Xalq banki” va “Aloqabank” hisoblanadi. Belgilangan toifaga kiruvchi fuqarolarga kartalar bepul beriladi.

Ularni ariza berilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida olish mumkin. O‘zgalar parvarishiga muhtoj ayrim shaxslarga “Inson” markazlari tomonidan 15 kun ichida ijtimoiy kartalar ularning yashash joyiga yetkazib beriladi.

Shuningdek, agentlik ijtimoiy kartalar joriy yilning 1-iyulidan boshlab bosqichma-bosqich mamlakatning barcha hududlarida joriy etilishini ta’kidladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31112 | Инструменты