O'zbekiston elchixonasida Malayziyaning "JLM Group of companies" rekruting kompaniyasi direktori Anandan Lingam Naidu bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Muloqot davomida Malayziyada mehnat faoliyatini olib borayotgan O'zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularni Kuala-Lumpur shahrida munosib ish bilan ta'minlash masalalari muhokama qilindi.
Xorijiy kompaniya rahbariga O'zbekistonda xavfsiz tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Anandan Lingam Naidu xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston fuqarolari va ularning oila a'zolarini ijtimoiy himoya qilish va qo'llab-quvvatlash bo'yicha respublikada amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni yuqori baholadi.
Tomonlar Malayziyada mehnat faoliyatini olib bormoqchi bo'lgan o'zbekistonliklarni mehmonxona va ishlab chiqarish sohalarida ish bilan ta'minlash, ularga tegishli ruxsatnomalarni o'z vaqtida rasmiylashtirish va munosib ish sharoitlarni yaratish yo'nalishida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
"JLM Group" kompaniyasi 1995-yilda tashkil etilgan. Kompaniya Malayziyadagi yirik mehmonxonalar, dam olish maskanlari, savdo markazlari, restoranlar, elektrotexnika ishlab chiqaruvchi korxonalarga xodim va malakali mutaxassislarni jalb qilish bilan shug'ullanadi.
"JLM Group" 2024-yilda Bangladesh, Filippin, Myanma, Nepal kabi mamlakatlardan kelgan ikki mingga yaqin fuqarolarni Malayziyada vaqtincha ishlashga jalb qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51323 | Инструменты