Huawei 1
O'zbekiston kinoijodkorlari suratga olgan film Hindistondagi xalqaro kinofestivalda namoyish etildi

Hindistonning Kolkata shahrida bo'lib o'tgan XXXIV Yangi kino xalqaro forumida o'zbek kinematografchilarining "Hayot afsunlari" filmi namoyish etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Mazkur anjumanga "Cine Central" kino jamiyati tomonidan 1986 yil Kalkutta xalqaro kinofestivali sifatida asos solingan. Ikki yildan so'ng u Yangi kino xalqaro forumi nomi bilan qayta shakllantirilgan.

Tashkilotchilar o'z oldiga turli davlatlarda so'nggi yillarda suratga olinayotgan ommabop filmlarni keng jamoatchilikka taqdim etishni maqsad qilib qo'ygan. Ular hayotning turli jabhalarida taraqqiyotga erishish va insonlar, ayniqsa, yosh avlod ongida yuksak tushunchalarni tarbiyalash jarayonida kino san'atining o'rni salmoqli ekanini e'tirof etishadi. Shuning uchun ham forum dasturini shakllantirishda turli xalqaro kinofestivallarda sovrindor bo'lgan va kino shinavandalari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan badiiy filmlarni tanlashga e'tibor qaratiladi.

Joriy yil kinofestival dasturidan O'zbekiston, Fransiya, Germaniya, Meksika, Eron, Filippin, Bangladesh va boshqa qator davlatlar kino ijodkorlarining mahsulotlari o'rin oldi.

O'zbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan "Pro art" studiyasi tomonidan suratga olingan «Hayot afsunlari» badiiy filmi mamlakatimizda muvaffaqiyat bilan namoyish etilgan edi. Kinokartina Hindistonda ham katta qiziqish bilan kutib olindi hamda tomoshabinning minnatdorlik olqishlariga sazovor bo'ldi.

Abduqayum Yo'ldoshev ssenariysi asosida yaratilgan mazkur film (rejissyor Hasan Alijonov) psixologik drama bo'lib, unda mamlakatimiz mahallalaridan birida bo'lib o'tgan voqealar vositasida jamiyat hayotidagi o'zgarishlar jarayoni yoritilgan.

Kinoforum tashkilotchilari O'zbekiston Kinematografiya agentligi va mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasiga taqdim etilgan badiiy film uchun minnatdorlik bildirdi.

Hindiston ommaviy axborot vositalari, xususan, "Times of India" va "Annda Baza Patrika" ommabop gazetalarida "Hayot afsunlari" badiiy filmining Yangi kino xalqaro forumidagi muvaffaqiyatli ishtiroki mavzusini keng yoritdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92014 | Инструменты