Huawei 1
O'zbekiston Litva bilan sport taʼlimi bo‘yicha aloqalarni mustahkamlamoqda

Davlat rahbarining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sport taʼlimida malakali kadrlarni tayyorlash, taʼlim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish, ilg‘or xorijiy sport-taʼlim texnologiyalarining transferini amalga oshirish orqali yuqori natijalarga erishish maqsadida dunyoning bir qator ilg‘or taʼlim muassasalari bilan aloqalarni mustahkamlash belgilangan.

Ushbu vazifalar ijrosi doirasida hamkorlikda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Jumladan, Litva sport universiteti bilan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamkorlikda yosh olimlarning ilmiy-tadqiqot ko‘nikmalarini rivojlantirish loyihasi joriy etildiki, bu, o‘z navbatida Yevropadagi yetakchi sport taʼlim muassasasining taʼlim jarayonini o‘rganish, uning ilg‘or tajribasini tadqiq etish, yosh olimlarga mustaqil ravishda ilmiy tadqiqotlar olib borish imkonini bermoqda.  

Bu esa O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti yosh olimlariga xalqaro sport taʼlimining ilmiy faoliyat jarayonlari bilan yaqindan tanishishlari, ko‘nikma egallashlari uchun keng imkoniyat yaratadi.  

Shu maqsadda o‘zbekistonlik o‘n nafar yosh olim o‘tgan yili Litva sport universitetida bo‘lib, litvalik professor-o‘qituvchilar va yetakchi tadqiqotchilar bilan sport taʼlimida bir qator tadqiqotlarni o‘tkazdi. Mahoratli sport mutaxassislari, trenerlar tayyorlash, mashg‘ulot tizimida sportchilarga beriladigan ko‘nikmalar bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi.  

Bundan tashqari, Litva sport taʼlimida katta ilmiy salohiyatga ega olimlar tomonidan sport pedagogikasi, sport menejmenti, sport fiziologiyasi, sport reabilitatsiyasi va fan falsafasi, sportda etika va metodologiya sohalarida “O‘zbekiston” sport fanlari bo‘yicha modullar ishlab chiqilishi yo‘lga qo‘yildi.  

Ushbu modullar global tadqiqot tendensiyalarini qamrab oladi. Modullar joriy yilning aprel – iyun oylarida masofaviy taʼlim shaklida joriy etildi. Oktyabr va noyabr oylarida 8 nafar Litva sport universiteti olimlari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti olimlari uchun oflayn maʼruzalar o‘qishi, davra suhbatlari, treninglar tashkil etishi rejalashtirilgan.  

 Shuningdek, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti yosh olimlarini Litva sport universitetining to‘rt xil ilmiy guruhiga jalb etish borasida kelishuvga erishildi.  

 Bu, shubhasiz, jismoniy tarbiya va sport sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga yordam berishi bilan birga, Litva-O‘zbekiston taʼlim va fan muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantiradi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102114 | Инструменты