O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining ramzi o'zgardi
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida tashkilotning yangi ramzi taqdimoti o'tkazildi. O'zbekiston xalq shoiri, uyushma raisi Sirojiddin Sayyid yangi ramzni keng jamoatchilikka e'lon qildi.
Uyushmaning yangi ramzi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2020 yil 15 sentyabrdagi 125-buyrug'i bilan qayta ro'yxatdan o'tkazildi. Ushbu ramz O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faollar kengashining 2020 yil 28 avgustdagi yig'ilishida muhokama qilingan va tasdiqlangan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yangi ramzi ochiq kitob shaklida bo'lib, kitobning o'rtasida quyoshning nur sochib turgan ko'rinishi, shuningdek, adiblarning asosiy ish qurolidan biri bo'lgan qalam (pero) tasvirlangan. Kitobning varaqlari siyoh rangida. Ramzda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi logotipi o'zbek tilida, lotin harflariga asoslangan o'zbek alifbosida yozilgan. " O‘ZBEKISTON YOZUVCHILAR UYUSHMASI” nisbatan kattaroq harflarda, shuningdek, nisbatan kichikroq harflarda ingliz tilida “UNION OF WRITERS OF UZBEKISTAN” tarjimasi berilgan. Ramzning ikki yon va pastki qismida ko'k rangli lentasimon bezak o'tgan. Ramzning eng chetidan esa uning umumiy ko'rinishi, yaxlitligini ta'minlash uchun sariq chiziq tortilgan.
Ramzning yozuv-o'quv taxtasi ustida ochiq daftar-kitob, qalamning quyosh qurshovida berilishi – mumtoz adabiyotimizdan bugungacha ijodkorlarning, adiblarning xalqimizga, umuman insoniyatga ziyo, ma'rifat taratishiga ishoradir.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ramzi amaldagi qonun-qoidalar asosida ishlab chiqilgan. U uyushmaning ustavida ko'zda tutilgan ijodiy faoliyatning asosiy g'oyalarini o'zida aks ettiradi.
Ramz uyushmaning muhri va rasmiy ish qog'ozlari(blanka)da aks etadi, dedi so'zga chiqqanlar.
Shuningdek, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ramzi va muhri uyushmaning yuridik shaxs sifatida uning boshqa davlat va xo'jalik tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslar, bank munosabatlarida, barcha turdagi shartnomalarda, guvohnomalarda, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan rasmiy aloqalarda va boshqa rasmiy hujjatli munosabatlarda ishlatiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51419 | Инструменты