Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan 2024-yilning yanvar-sentyabr oylari uchun hududlar sanoatining raqobat ustunligi reytingi ishlab chiqildi. Ushbu reyting hududlarning ishlab chiqarish sanoati salohiyati va raqobatbardoshligini baholashga qaratilgan.
Reyting natijalari:
Reyting ishlab chiqarish sanoatining diversifikatsiya va lokalizatsiya ko‘rsatkichlari asosida baholanib, bunda Herfindal-Hirshman indeksi (HHI) va Aniqlangan qiyosiy ustunlik (Revealed Comparative Advantage (RCA)) indeksidan foydalanildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, hududlar 3 guruhga bo‘lindi:
I guruh tarkibi – ishlab chiqarish sanoatida yuqori darajadagi raqobat ustunligiga ega bo‘lgan Toshkent sh., Fargʻona va Namangan viloyatlaridan iborat bo‘ldi. Ushbu hududlarning o‘ziga xos xususiyati ishlab chiqarishning diversifikatsiylashgani (HHI=818-1472) hamda tarmoqlarning aksariyat qismi (o‘rtacha 30%dan yuqori) raqobat ustunlik bo‘yicha yetakchi o‘rinlarga egaligida kuzatiladi;
II guruhga ishlab chiqarish sanoati o‘rta darajada diversifikatsiyalashgan va raqobat ustunligi o‘rtacha bo‘lgan Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Toshkent, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari (jami hududlarning 42%i) kirgan. Bunda ishlab chiqarish sanoati diversifikatsiya koeffisiyenti (HHI=1523-2435), raqobat ustunlikka ega yetakchi tarmoqlarning ulushi esa o‘rtacha 22% ga teng.
III guruhga raqobat ustunlik darajasi quyi bo‘lgan hududlar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Andijon, Navoiy viloyatlari kirgan. Ularning ishlab chiqarish sanoati diversifikatsiyalashuvi nisbatan past bo‘lgan (HHI=2574-6290), yaʼni 1-2 ta sohaga yuqori bog‘liqlik (ishlab chiqarish sanoatidagi ulushi 60%dan yuqori) va raqobat ustunlikka ega tarmoqlarning cheklanganligi kuzatilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston sanoati rivojlanishida joylarda mavjud salohiyat va zahiralardan oqilona foydalanishdan kelib chiqib, yangi tayanch nuqtalarini yaratish hududlarning raqobat ustunliklarini barqarorlashtirishga va hududlararo tafovutlarni kamaytirishga zamin yaratadi. Shu bilan birga, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida mahalliy xomashyo bazasidan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, sanoatning "drayver" sohalarini rivojlantirish va hududlarning sanoat salohiyatini to‘liq ishga solish ko‘zda tutilgan.
Umuman olganda, hududlar ishlab chiqarish sanoatining raqobat ustunligi reytingi mamlakatimizda hududlarining sanoat salohiyati va raqobatbardoshligini baholash uchun muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu reyting natijalari hududlarning iqtisodiy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishda va investitsiyalarni jalb qilishda foydali bo‘lishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11116 | Инструменты