Toshkent viloyatida bank bo‘lim boshlig‘i 100 ming dollar pora olayotgan vaqtida ushlandi

Toshkent viloyatida banklardan birining hududiy mintaqaviy markazi bo‘lim boshlig‘i 100 ming dollar pora olayotgan vaqtida ushlandi. U 16,05 gektar yerni sotish va yana 4 gektar yerni tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan 4,25 mln dollar talab qilgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi. Tadbir davomida bank mintaqaviy markazining Mahallabay va davlat dasturlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘ining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

DXX ma’lumotiga ko‘ra, u 2024-yilda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi tomonidan elektron onlayn auksion orqali o‘zining otasiga chorvachilik maqsadida foydalanish uchun ijara huquqi asosida sotilgan, Quyichirchiq tumani hokimligi balansidagi 16,05 gektar yer maydonini sotish evaziga xaridordan pul talab qilgan.

Shuningdek, u hokimlik zaxirasida bo‘lgan 4 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berish uchun ham haq so‘ragan. Ushbu ikki yer maydoni bo‘yicha xaridordan jami 4 mln 250 ming dollar talab qilingan.

Tezkor tadbir vaqtida bank xodimi so‘ralgan pulning 100 ming dollarini oldindan olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111117 | Инструменты