Huawei 1
O'zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishda “yashil energiya” sertifikati joriy etiladi

Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yana-da rivojlantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatda energiya barqarorligini taʼminlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Hozirda mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi qariyb 10 foizni tashkil etmoqda.

Bu borada O‘zbekiston 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga yetkazib, elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmini kamida 40 foizga olib chiqish maqsad qilingan.

Bu har yili 25 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 mln tonnaga qisqartirish imkonini beradi.

Albatta, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun amaldagi qonunlarda ayrim normalarni qayta ko‘rib chiqish taqozo etiladi.

Yuqorida keltirilgan zaruratga asosan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunga “yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritishga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga taalluqli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Quvvati 300 kVt va undan yuqori bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash faqat ushbu manbalar maxsus vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan Soliq kodeksiga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga asoslangan generatsiya obyektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlarini foyda solig‘idan ozod qilishga doir o‘zgartish kiritilmoqda.

Senatorlar mazkur Qonun ijtimoiy va uy-joy kommunal sohalarda, iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishga, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlaridagi energiya taqchilligini bartaraf etishga hamda investorlar uchun qulay sharoitlarni yaratishga va rag‘batlantirish mexanizmlarini belgilashga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52503 | Инструменты