Endilikda O‘zbekiston fuqarolari Tailandga sayyoh sifatida kirish uchun vizani oldindan rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi.
2026-yil 15-sentyabrdan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Tailand Qirolligiga kirish qoidalari o‘zgaradi. Bu haqda "Uzbekistan Airways" axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko'ra, 2026-yil 14-sentyabr (shu kuni ham) sanasigacha 60 kunlik vizasiz rejim amal qiladi. Ertasi kuni ya'ni 15-sentyabrdan mamlakatga vizasiz kirish qoidasi, shuningdek, yetib kelgach viza olish imkoniyati bekor qilinadi.
Endilikda O‘zbekiston fuqarolari Tailandga sayyoh sifatida kirish uchun vizani oldindan rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi. Shu sababdan Toshkentdan uchishi 14-sentyabr kuni amalga oshirilib, yetib borish 15-sentyabrga rejalashtirilgan fuqarolar noqulayliklarga uchraydi. Ya'ni ushbu aviaqatnov yo‘lovchilari yangi viza talablariga duch keladi.
Vizaga arizani parvozdan oldin, thaievisa.go.th rasmiy tizimi orqali topshirish mumkin. Saytda yig‘imlarni onlayn to‘lash haqida ma'lumot yo'q. Shuning uchun to‘lov Tailand Qirolligining eng yaqin konsulligida AQSH dollarida amalga oshiriladi.
"Aviaqatnovga ro‘yxatdan o‘tish yoki mamlakatga kirish rad etilishining oldini olish uchun sayohatlarni rejalashtirish va aviachiptalarni xarid qilishda ushbu o‘zgarishlarni albatta inobatga olishingizni so‘raymiz",- deydi "Uzbekistan Airways".
Alpha version: 0.9.1.19 build 90217 | Инструменты