Prokuratura Departamentining xabariga ko'ra, “Hududgaz Andijon” bo‘limi mansabdorlari vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani natijasida ikkita MCHJ tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, ohak ishlab chiqarish bilan shug'ullangan. Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2,1 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Shu kabi, “B.E.” MCHJga qarashli AGQShda tabiiy gaz sarfini hisoblash uskunasi talabga javob bermasligi, bosim kanalidagi ko‘rsatkichlar noto‘g‘ri ishlab kelganligi aniqlandi. Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, Jizzax shahrida o‘zboshimchalik bilan gaz tarmoqlariga ulanib, hech qanday hujjatlarsiz ohak ishlab chiqarayotgan fuqaro aniqlangan. Tezkor tadbir davomida 600 kg ohak, 4 dona gaz pechlari va boshqa xom-ashyolar ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirilib olingan.
O‘rganish davomida ushbu fuqaro 2022-yil sentyabr oyidan buyon M.Ulug‘bek MFY ichki yo‘nalishdagi 200 diametrli gaz quvuriga 50 diametrli truba tortib, yashirin ravishda ulanib, yordamchi xo‘jaligiga o‘rnatilgan pechlarda ohak pishirish bilan shug‘ullanib kelganligi ham aniqlangan.
Hozirgi kunda hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur sexda jami 1,7 mln kub gaz ishlatilgan va uning taxminiy miqdori 1 mlrd 746 mln 360 ming so‘mni tashkil qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan JKning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Jizzaxda masjidlardan "svet" uchun noqonuniy tarzda ortiqcha pul undirilgani aniqlangan. Toshkentda noqonuniy neft savdosi bilan shug‘ullangan 2 nafar fuqaro ushlangan. Toshkent viloyatidagi shisha va qog'ozni qayta ishlash korxonalari tabiiy gazdan ajratilgan bo'lsada, “Hududgaz Poytaxt” ularga noqonuniy gaz yetkazib bergani aniqlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111619 | Инструменты