O'zbekistonning tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalari tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan O'zbekistonning tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalari tasdiqlandi.

Unga ko'ra, O'zbekistonning tabiiy suv havzalarida sport-ishqibozlik turida hamda sanoat usulida baliq ovlash tartibi belgilandi.

Qoidalar O'zbekiston hududidagi barcha tabiiy suv havzalarida faoliyat olib boruvchi yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.

Qoidalar sun'iy suv havzalari hamda tabiiy suv havzasi hisoblanmaydigan irrigasiya tarmoqlaridagi qafas (sadok) moslamalarida intensiv baliq yetishtirish texnologiyasi va akvakulturaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tabiiy suv havzalarida quyidagi baliq ovlash qurollari va vositalaridan foydalanish taqiqlanadi:

-  yoyma to'rlar (nakidka);
- ikki tomonlama mahkamlanadigan 10 tadan ortiq ilgakli vositalar (peremet);
- maxsus tamg'alanmagan va hisobga olinmagan har qanday to'rlar;
- changakli ovlash vositalari (astraga);
- elektr qarmoq;
- mahkamlanadigan tuzoqsimon to'rlar (venter, mordushka) va boshqa baliq ovlashning brakonerlik qurollari.

Baliqlarning urchish davrida, ya'ni Amudaryo va Sirdaryoda 11-martdan – 31-maygacha, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida 26-apreldan 10-iyungacha va boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlash taqiqlanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты