Huawei 1
“Ozodlik Radiosi” jurnalistlarini O’zbekistonda akkreditatsiyadan oʻtkazish muhokama qilindi

Kecha, 31-may kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktori Asadjon Xodjayev “Ozod Yevropa Radiosi / Ozodlik Radiosi” media korporatsiyasi prezidenti Jeymi Flay va media-korporatsiya vakili Pahlavon Turgʻunov bilan uchrashuv o'tkazdi.

Muloqot davomida agentlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, Oʻzbekistonda axborot sohasini liberallashtirish, soʻz va matbuot erkinligi xususida maʼlumot berildi. Shuningdek, uchrashuvda milliy OAVning jamiyatdagi rolini oshirish bilan birga O'zbekistonda xorijiy nashrlarning samarali faoliyati uchun ham zarur sharoitlar yaratilgani aytib oʻtildi.

Tomonlar uchrashuvda oʻzaro mavjud masalalar, ularni hal etish yoʻllari, shu jumladan, “Ozodlik Radiosi” tahririyati tomonidan tayyorlanayotgan va chop etilayotgan materiallarning Oʻzbekiston qonunchiligi va jurnalist etikasi meʼyorlariga mos kelishi yuzasidan oʻz mulohazalarini bayon etishdi. Shundan so'ng, ushbu masalalarni bartaraf etish borasida bosib oʻtilishi mumkin boʻlgan vazifalar haqida fikr almashishdi.

Muloqot davomida “Ozod Yevropa Radiosi / Ozodlik Radiosi” media korporatsiyasi vakillarini respublikada akkreditatsiyadan oʻtkazish masalasi ham muhokama etildi. Ikkala tomon akkreditatsiya bilan bogʻliq masalalarni navbatdagi uchrashuvlarda koʻrib chiqishga kelishib olishdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120215 | Инструменты