Huawei 1
Pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimi joriy etilmoqda

Vazirlar Mahkamasining "Maktabgacha va maktab taʼlimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

21.06.2024 yildagi prezident qaroriga muvofiq 2025 yil 1 yanvardan boshlab    uzluksiz kasbiy rivojlanish vertikal tizimi (vazirlik — malaka oshirish muassasasi — taʼlim tashkiloti)  joriy etiladi. U maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarining kasbiy ehtiyojlari va malaka toifasidan kelib chiqqan holda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlariga asoslangan.

Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlari uchun ishdan ajralgan holda har besh yilda bir marta o‘tkaziladigan malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Rahbar kadrlar uchun malaka oshirish kurslari menejerlik o‘quv kurslari asosida, pedagog kadrlar va mutaxassislar uchun esa ularda zamonaviy malakalarni shakllantirishga qaratilgan variativ (tanlov) va invariant (majburiy) modullardan iborat taʼlim dasturlari bo‘yicha tashkil etiladi.

Hujjat bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlanishini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:

- uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimi, uning maqsadi va asosiy vazifalari;

- uzluksiz kasbiy rivojlanish turlari va ularni tashkil etish tartibi;

- uzluksiz kasbiy rivojlanish sifatini baholash va nazorat qilish.

Uzluksiz kasbiy rivojlanishning asosiy vazifalari: 

- rahbar, pedagog va  xodimlarning kasbiy bilimlari, ko‘nikmalari va mahoratlarini uzluksiz yangilab borish mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy talablarga muvofiq taʼlim sifatini taʼminlash uchun zarur darajada kasbiy tayyorgarligini amalga oshirish;

- pedagog xodimlarni kasbiy mahorati va bilim saviyalaridan kelib chiqib, kasbiy ehtiyojlariga mos keladigan dasturlarini o‘zlashtirishga yo‘naltirish, metodik kompetentlik darajasini oshirish va ularning kasbiy mahoratini takomillashtirish, zamonaviy tarbiya metodikalarini o‘zlashtirish;

- taʼlim sifatini oshirishning asosiy manbai sifatida pedagog kadrlarning kasbiy rivojlanishi, tashabbuskorligi, ijodkorligi va mahoratini rag‘batlantirish;

- xodimlar tayyorlash sifatiga qo‘yiladigan malaka talablarini oshirish;

- xodimlarning doimiy kasbiy rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etadigan taʼlim muhitini yaratish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122600 | Инструменты