Har bir inson keksa yoshda o‘z mehnati samarasini ko‘rish va barqaror daromad bilan farovon hayot kechirishni istaydi. Pensiya mana shu daromad manbai sifatida katta ahamiyatga ega. Ammo pensiyaga chiqish uchun qanday shartlar bor, uni tayinlash jarayoni qanday kechadi?
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bosh mutaxassisi Bahriddin Ziyatov ushbu savollarga javob berdi.
– Avvalo, pensiya haqida qisqacha maʼlumot bersangiz. Kimlarga pensiya tayinlanadi?
– Pensiya bu nafaqat keksa yoshdagi daromad, balki har bir shaxsning uzoq yillik mehnati samarasidir. Pensiya nafaqat keksa yoshdagi moddiy barqarorlik, balki yillar davomida qilingan mehnatning munosib siylovi hisoblanadi.
Savolingizga kelsak, pensiya yoshiga yetishgan va belgilangan ish stajiga ega bo‘lgan har bir shaxs pensiya olish huquqiga ega. Yoshga doir to‘liq pensiya olish uchun erkaklarga 60 yoshga to‘lganda 25 yil ish staji, ayollarga 55 yoshda 20 yil ish staji talab etiladi. Agar staj kamida 7 yil bo‘lsa, to‘liqsiz pensiya tayinlanadi. Bu holda pensiya miqdori biroz kamroq bo‘ladi.
– Pensiya tayinlanishi uchun ish staji qanday aniqlanadi? Unga nimalar kiritiladi?
–Ish stajiga rasmiy ravishda ishlab, ish haqi hisoblangan davrlar kiradi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlik, o‘zini-o‘zi band qilish yoki xorijda ishlagan davrlar uchun ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, ular ham stajga qo‘shiladi.
Ayniqsa, ayollar uchun bola parvarishi, oliy o‘quv yurtidagi kunduzgi o‘qish va harbiy xizmat davrlari ham ish stajiga qo‘shiladi.
Maʼlumot o‘rnida, ayol kishi rasmiy ishlagan, ish haqi olib, yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini-o‘zi band etgan, shuningdek, xorijda ishlagan bo‘lsa, ijtimoiy soliq to‘lagan davrlarini hisobga olgan holda, umumiy ish staji 20 yilga yetganida 54 yoshda yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.
Bunda agar yuqoridagi shartlarga asosan kamida 7 yil ish stajiga ega bo‘lsa, harbiy xizmat, oliy o‘quv yurtidagi kunduzgi o‘qish va bola parvarishi uchun olingan taʼtil (har bir bola uchun 3 yildan, jami 6 yilgacha) davrlari ham umumiy ish stajiga qo‘shiladi.
– Demak, har bir fuqaro yoshlikdan pensiya haqida qayg‘urishi kerak ekan. Buni qanday amalga oshirish mumkin?
–To‘g‘ri aytasiz. Fuqarolarimiz pensiyaga tayyorgarlikni hozirdan boshlashlari zarur. Birinchidan, o‘z mehnat faoliyatini rasmiylashtirishlari kerak. Rasmiy ishlab, rasmiy daromad olgan sari pensiya huquqi shakllanib boradi. Masalan, my.gov.uz portali orqali ish stajni muntazam nazorat qilish maqsadga muvofiq.
Ikkinchidan, tashkilotingiz tomonidan sizga to‘lanadigan ish haqi, undan ushlab qolinayotgan daromad soliqlari va Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilayotgan mablag‘larni tekshirishni unutmang.
– Norasmiy ishlayotganlar yoki umuman ishlamayotganlar uchun qanday tavsiyalaringiz bor?
– Norasmiy ishlayotganlar o‘z-o‘zini band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari va ijtimoiy soliq to‘lashlari zarur. Bu orqali ular ish stajini yig‘ib borishlari mumkin.
Agar hozircha ishlamasangiz, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga murojaat qilib, mehnat daftarchangizni raqamlashtirishingiz mumkin. Bu kelgusida pensiyaga chiqishda sizga katta yengillik beradi.
– Pensiya miqdorini oshirish uchun yana qanday qo‘shimcha maslahatlar berasiz?
–Pensiya qonunchiligiga oid yangiliklarni kuzatib borish juda muhim. Har qanday o‘zgarish yoki imtiyozlardan xabardor bo‘lishingiz kerak. Ish stajingiz va daromadlaringiz haqidagi maʼlumotlarni doimiy nazorat qiling. Shuningdek, faoliyatingiz haqidagi barcha hujjatlarni aniq saqlang.
– Pensiya masalasida qiyinchilikka uchragan fuqarolar qayerga murojaat qilishlari mumkin?
– Bunday fuqarolar Pensiya jamg‘armasining 1271 raqamli Call- markaziga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. U yerda barcha savollar bo‘yicha batafsil tushuntirish beriladi. Shuningdek, hududiy bo‘limlar tomonidan ham bu masalada yaqindan yordam beriladi.
Taʼkidlash kerakki, barchamiz mehnat faoliyatimizni rasmiylashtirishga, ish staji to‘g‘ri hisobga olinishiga eʼtibor qaratishimiz, ijtimoiy soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab borishimiz lozim. Shu bilan birga, pensiya qonunchiligidagi yangiliklarni kuzatib borish, raqamlashtirish jarayonlarini o‘z vaqtida amalga oshirish orqali pensiya yoshida hech qanday tashvishlarga duch kelmaslikka kafolat yaratiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11001 | Инструменты