8 aprel kuni Parlamentlararo ittifoq Assambleyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Gruziya parlamenti rahbari Shalva Papuashvili, Tojikiston majlisi namoyandagon raisi Fayzali Idizoda va Jazoir parlamenti Milliy xalq assambleyasi Spikeri Brahim Bugali bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xorijiy davlatlar parlamentlari rahbarlari bilan uchrashuvlarda parlamentlararo faoliyatda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini o‘rnatish, parlamentlarning do‘stlik guruhlari faoliyatini kuchaytirish, qonun chiqaruvchi organlarning tegishli qo‘mitalari darajasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni muvofiqlashtirish muhim ekani taʼkidlandi.
Parlament rahbarlari O‘zbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonidan Assambleyada ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.
Bundan tashqari, parlament aʼzolari O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, parlamentlararo aloqalarni yana-da rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Shuningdek, ular tomonidan Parlamentlararo ittifoq 150-yubiley assambleyasini o‘tkazish bo‘yicha olib borilgan tayyorgarlik ishlariga yuksak baho berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41709 | Инструменты