Joriy yilning 24-sentabr kuni Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari salomatligida o‘zgarish bo‘lganligi sababli tibbiyot birlashmalarining yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilingan.
Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga “Oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi” tashxisi qo‘yilib, zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.
Mazkur vaziyat darhol Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nazoratga olinib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda o‘rganish ishlari boshlangan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan. Maktabagacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2% li kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.
Tibbiy yordamga murojaat qilgan bemorlardan olingan tahlillar hamda iste’mol qilingan oziq-ovqatlar namunalari tegishli laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazilyapti. Qayd etilgan holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etyapti.
O‘rganishlar yakunlariga ko‘ra, holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92514 | Инструменты